Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari fuqaroning o‘g‘liga nogironlik nafaqasini chiqarib berishni va’da qilib, buning evaziga 500 ming so‘m pora olgani aytilmoqda. Kitob tuman sudi shifokorni aybli deb topib, unga 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Qashqadaryoda YPX inspektorlari ko‘proq «protokol» tuzishga majburlanmoqda, deya xabar qildi Nasafnews sayti. Nashr viloyat YHXB rahbari o‘rinbosari ekani taxmin qilinayotgan shaxsning xodimlarga 20 tadan «protokol» rasmiylashtirishni topshirgani aks etgan audioyozuvni taqdim etdi. IIV YHXBB xizmat tekshiruvi boshlangani haqida ma’lum qildi.
Qashqadaryo viloyati chegarasida 100 tonna chigit to‘xtatib qolinganiga «texnik xatolik tufayli ta’minotchi korxona urug‘lik chigit berib yuborganligi» sabab qilib ko‘rsatildi. Samarqandlik tadbirkorning mahsuloti 10 kunda yetkazib berilishi aytilmoqda. Antimonopoliya qo‘mitasi 2020 yilgi chigit ishidan keyin ushbu holat Qashqadaryoda yana takrorlanganini hamda vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
Qarshi shahrida sport ustasi Elbek Rahimovning o‘ldirib ketilganiga oid jinoyat ishini sudda ko‘rish boshlandi. Jami 26 kishi — qasddan odam o‘ldirish, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir va yengil tan jarohatlari yetkazish, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, odam o‘g‘irlash, pora olish va berish, aybsiz kishini javobgarlikka tortish, yolg‘on guvohlik berish, jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish, bezorilik moddalari bilan sudlanmoqda.
Biznes-ombudsman Qashqadaryodan samarqandlik tadbirkorning 100 tonna chigit mahsuloti chiqarilmayotgani holati yuzasidan viloyat hokimligini «tadbirkorlarning huquqlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tegishli chora ko‘rish bo‘yicha ogohlantirdi». Kompaniya vakili hujjatlarida muammo yo‘qligiga va chigit og‘zaki topshiriq bilan ushlab turilganiga ishontirmoqda.
Qashqadaryo viloyati hokimiyati Samarqand viloyatiga olib ketilayotgan chigit mahsulotlari ortilgan uchta yuk mashinasi tegishli hujjatlari bo‘lmaganligi uchun to‘xtatib qolinganini ma’lum qildi. Avvalroq, Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova shikoyat qilib, Qashqadaryo hokimining og‘zaki topshirig‘i bilan viloyatlar chegarasida chigit ushlab turilganini ta’kidlagandi.
Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova Qashqadaryodan Samarqand viloyatiga chigitni olib o‘tishni guyoki taqiqlash to‘g‘risida og‘zaki ko‘rsatma bergani uchun Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ustidan shikoyat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat rahbari uning SMS xabarlariga javob bermagan hamda uning to‘rt kun davomida yukni o‘tkazish masalasini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari zoye ketgan.
Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev 4 yanvargacha barcha xodimlar uchun dam olish kuni etib belgilanganiga qaramasdan, yanvar boshidan viloyatdagi hokim yordamchilarini ishga chaqirib olgani aytilmoqda. «1 yanvardan hamma mahallada ish boshlashi kerak», — deb yozgan u ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratda. Nodir Erkayev 3 yanvar kuni hokim yordamchilari bilan Qamashi tumanidagi mahallalarga ham borgan.
1 yanvar kuni soat 13:00 larda Dehqonobod tumani hududidan o‘tuvchi M-39 «Termiz-Toshkent» avtomobil yo‘lida Cobalt mashinasi beton to‘siqqa urilgan. YTH oqibatida haydovchi va to‘rt nafar yo‘lovchi vafot etgan.
Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha «Uzbekistan GTL» zavodining ochilish marosimida qatnashdi va nutq so‘zladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, majmuada ishlab chiqarilgan mahsulotlar hisobiga yiliga 500 mln dollarlik import o‘rni qoplanib, 200 mln dollarlik eksport va 2 trln so‘mlik soliq tushumlari ta’minlanadi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 3,42 mlrd dollarni tashkil etadi.
Poytaxtning Mirobod tumanida 4940 yevro miqdoridagi 2470 dona 2 yevrolik tanga bank orqali almashtirilgani, bank xodimlari esa ularni tekshirmasdan qabul qilib olgani aniqlandi. Qashqadaryoda esa 2 bosh qo‘y evaziga berilgan pullarning 20 donasi soxta 100 minglik kupyura ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Chiroqchi tumandagi Xo‘ja Abdujabbor qishlog‘ida yer ostidan olov va tutun chiqayotgani haqidagi xabarlarga Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi munosabat bildirdi. Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, ushbu holat yer ostida qolib ketgan qamishlar qizishi va chirishi natijasida yuzaga kelgan. Holat geologlar yordamida o‘rganilmoqda.
Kitob tumanidagi 2-Bolalar va o‘smirlar sport maktabi endilikdagi sobiq direktori boshqa bir fuqarodan sport murabbiyi lavozimiga ishga kiritib qo‘yish uchun 1,5 mln so‘m pora olgan vaqtida qo‘lga olingan. Unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Yakkabog‘ tumanida yashovchi 5 yoshli bola uyida chiroq soatlab o‘chayotgani bois mas’ullarga murojaat yo‘lladi. Qashqadaryo “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bir qator hududlarda “ta'mirlash ishlari olib borilishi sabab elektr ta’minotida uzilish bo‘lishini” ma’lum qilmoqda.
Xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi ulkan bayroq uchun 300 mln so‘m ajratish bo‘yicha qaror chiqardi. Keyinroq viloyat hokimi bunga e’tibor qaratib, shahar hokimi bilan kelishgan holda bayroq ustunini qurishni bekor qildi. Mablag‘lar yo‘l ta’miriga va kommunal sohalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladigan bo‘ldi. Aprel oyida ham viloyatning sobiq hokimi Zoyir Mirzayev 1 mlrd 350 mln so‘mlik bayroq qurilishini to‘xtatgan edi.
Ulug‘bek Uzoqov Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimovning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.
Zoyir Mirzayev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Murotjon Azimov viloyat hokimi v.b. etib tayinlandi. Zoyir Mirzayev boshqa viloyatiga hokim etib tayinlanishi kutilmoqda.
Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishdan olinishi kutilmoqda. Uning o‘rniga Bojxona qo‘mitasi raisi Murot Azimov viloyat hokimi etib tayinlanishi mumkin.
Nishon tumanida chigirtkadan parhezbop un tayyorlash loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha qiymati 4,1 mlrd so‘m bo‘lib, yillik quvvati 80 tonna chigirtka uni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Uning har kilosi 3,7 dollardan sotish ko‘zda tutilgan. Chigirtkalarni dalalardan yig‘ib olish uchun esa aholi vakillari jalb qilinadi.
Qarshi shahrida 23 yil ilgari hujjatlarda «o‘lgan» Anvar Javharov notarius hamda shahar prokurorini obro‘sizlantirish va ularga tuhmat qilishda ayblanib, sud qilinmoqda. Ayblanuvchi «faqat va faqat o‘zining tirikligini isbotlashga» uringani, uning turmush o‘rtog‘i hujjatlarni soxtalashtirib, uyini sotib yuborganini aytmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting