Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 1-yanvardan maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini elektron berish tizimi joriy qilinadi. Sertifikatga ega direktorlar 3 yil davomida malaka oshirish kurslaridan ozod etiladi.
2024-yildan sertifikatsiyadan o‘tgan direktorlar oyligini 50 foizga, ularning o‘rinbosarlari ish haqini esa 30 foizga oshirish reja qilinyapti, deya ma’lum qildi prezident. Og‘ir maktablar uchun davlat granti asosida maqsadli pedagoglarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
«Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha kiritish bo‘yicha qonun loyihasiga ko‘ra, bir qator toifadagi shaxslarning umumiy o‘rta ta’lim tizimida rahbar lavozimiga tayinlashni taqiqlash taklif etilmoqda. Ular orasida muqaddam sudlangan va sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar bor.
1-sentabrdan maktab direktorlarini sertifikatlash tizimi joriy etiladi va shunga ko‘ra ular lavozimga tayinlanadi. Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev “yangi o‘quv yiliga qadar tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashgan 173 ta maktab tashkil etilishi shartligi va bunga viloyat, shahar va tuman hokimlari javobgar ekanligini” ta’kidladi.
Xalq ta’limi vaziri deputat Rasul Kusherbayevning o‘quvchisi OTMga kirolmagan maktab direktorlarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi fikrlarini populizm deb ta’riflagan edi. Deputat bunga javob berib, u faqat qonun ustuvorligi tarafdori ekanligini aytdi. «Agar demokratik davlatlar qatori qonun ustuvorligini ta’minlash va muammoni sud orqali hal qilish populizm bo‘lsa unda men emas, avvalo qonunlar va Mehnat kodeksi bosh populist bo‘lib qolmaydimi?», — dedi Kusherbayev.
Deputat Rasul Kusherbayev OTMga kirolmagan o‘quvchilar sababli maktab direktorlari ishdan olinishi «demagogiya ekanligi» va o‘qituvchilarning bunda aybi yo‘qligini ta’kidladi. «Bolaning tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lsa, o‘qishga kirishni xohlamasa ham biz o‘qituvchini ayblaymizmi?», — dedi deputat. Uning aytishicha, bunday talab qonunchilik yoki Mehnat kodeksida belgilanmagan.
O‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan maktab direktorlari va soatbay ishlovchi o‘qituvchilarga ham oylik ustamalar to‘lanadi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi tegishli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Bitiruvchilarining 90 foizi OTMga kirgan yoki ishga joylashgan maktab direktorlariga o‘z oyligidan tashqari qo‘shimcha ravishda 8 mln so‘m, o‘rinbosariga 4 mln so‘m miqdorida bir marttalik pul mukofoti beriladi. Bundan tashqari, tuman bo‘yicha reytingi eng yuqori bo‘lgan maktab direktorlariga ham moliyaviy rag‘batlar ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting