Birinchi yarimyillikda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 5,7 foizni tashkil etdi — xarajatlar daromadlardan 26,9 trln so‘mga ko‘proq. Bu pandemiya boshlangan 2020-yil, shuningdek, 2021−2022-yillardagi ko‘rsatkichlardan ko‘p. Hukumat bu davrda biror marta budjet taqchilligi chegarasini ushlab turolmagan.
2022-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining 47 foizi xalqaro moliya institutlarining qarzlari va yevroobligatsiyalar chiqarish hisobidan, 18 foizi davlat g‘azna obligatsiyalari chiqarish hisobidan qoplandi. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi 35 trln 229 mlrd so‘mga yetdi.
O‘zbekiston davlat budjeti xarajatlari daromadlaridan 29 trln so‘mga (2,5 mlrd dollar) ko‘proq bo‘ldi. 2023-yilda profitsit prognoz qilinganiga qaramay defitsit deyarli 6,2 foizni tashkil etdi. Bu ma’lumotlarni e’lon qilayotib Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov “defitsit” so‘zini ishlatmadi.
Prezident qarori loyihasi bilan 2023-yilda konsolidatsiyalashgan budjet defitsitini YAIMga nisbatan 3 foizdan 5 foizgacha yoki 53,4 trln so‘mgacha oshirish taklif etilmoqda. Agar hukumat yana xarajatlar chegarasidan o‘tib ketsa, bu davlat xarajatlarining 1,8 mlrd dollarga oshishiga olib keladi.
Markaziy bank raisi O‘zbekistonda birinchi yarim yillikda budjet xarajatlari ortishi gaz importi hajmi oshishi bilan bog‘liq ekanini ta’kidladi. Yanvarning 8 kunida budjet taqchilligi yillik kutilmaning 20 foiziga yetgandi. Shundan so‘ng Iqtisodiyot vazirligi daromad va xarajat bo‘yicha ma’lumot berishni to‘xtatdi.
Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun budjet defitsitini belgilangan parametrlar darajasidan oshmasligini ta’minlash muhimligini qayd etdi. Regulyator inflyatsiya darajasi 8,5−9,5 foiz atrofida bo‘lishi bo‘yicha prognozini o‘zgarishsiz qoldirgan.
Yanvarning birinchi yarmida davlat budjeti defitsitining 5,5 trln so‘mga yetishi sovuqdan jabr ko‘rgan 30 ming tadbirkorning soliq qarzdorligi o‘sishi hamda ish haqi, pensiya va nafaqalarning moliyalashtirilishi bilan izohlandi. Umuman olganda, yanvarda daromadlar oshdi, deya qayd etdi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting