Farg‘ona viloyati prokurori lavozimiga Baxtiyor Ismoilov tayinlandi. Bundan avval u Namangan viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
Prezident Sirdaryo viloyatida amalga oshirish ko‘zlangan 25,5 trln so‘mlik 737 ta loyiha taqdimoti bilan tanishdi. Loyihalar natijasida yiliga 11 trillion so‘mlik ishlab chiqarish quvvati, qariyb 36 ming ish o‘rni yaratish maqsad qilingan. Bundan tashqari, Mirzaobod tumanida Gujarat sanoat zonasini tashkil etish ham reja qilingan.
Prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili O‘zbekistonning «Tolibon» guruhi bilan o‘zaro munosabatlarda qo‘ygan shartlariga to‘xtalib o‘tdi.
Xalq ta’limi vaziri deputat Rasul Kusherbayevning o‘quvchisi OTMga kirolmagan maktab direktorlarini ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi fikrlarini populizm deb ta’riflagan edi. Deputat bunga javob berib, u faqat qonun ustuvorligi tarafdori ekanligini aytdi. «Agar demokratik davlatlar qatori qonun ustuvorligini ta’minlash va muammoni sud orqali hal qilish populizm bo‘lsa unda men emas, avvalo qonunlar va Mehnat kodeksi bosh populist bo‘lib qolmaydimi?», — dedi Kusherbayev.
Sudlarning binolari va xonalarini qurish hamda rekonstruksiya qilish dasturi tasdiqlandi. 2021−2025 yillarda O‘zbekistonda 31 ta sudning yangi binosi qurilsa, mavjud 107 tasi rekonstruksiya qilinadi. Loyihalarning dastlabki qiymati — qariyb 644 mlrd etib belgilangan.
Senat navbatdagi yalpi majlisda Konstitutsiyaviy sud, davlat xaridlari, ekologik audit, dehqon va tomorqa xo‘jaliklariga oid qonunlar ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish samaradorligini oshirish yuzasidan Hukumatga yuborilgan parlament so‘rovlari natijalari muhokama qilinadi.
«Meni onkologiya sohasidagi muammolar xavotirga solayapti. Biz oxirgi 10−15 yil ichida ushbu soha jilovini qo‘yib yubordik», — dedi Shavkat Mirziyoyev. Uning aytishicha, yaqin kunlarda onkologiya sohasidagi muammolar yechimiga qaratilgan muhim qaror qabul qilinadi. Qolaversa, joriy yilda qariyb 9 mln ayol chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda barcha viloyat hokimlari mahalliy byudjet hisobidan 100 nafardan muhtoj qizlar va ayollarning OTM kontrakt pullarini to‘lab beradi, deya tak’idladi prezident. Unig so‘zlariga ko‘ra, «qobiliyati, bilimi bor, lekin taqdir taqozosi bilan orzusiga erisha olmagan» xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizim joriy qilinadi.
Prezident raisligida ayni paytda o‘tayotgan yig‘ilishda xotin-qizlar salomatligi, aholi bandligi, ijtimoiy farovonlik va xavfsizlik muammolari muhokama qilinmoqda. “Eng achinarlisi, ayollarni xo‘rlash, o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish hamda omma oldida „sazoyi“ qilish holatlari oddiy holatga aylanib bormoqda”, — deya ta’kidladi prezident.
Prezident Farg‘onadagi Shodiyona va Namangandagi Bunyodkor mahallalaridagi vaziyatni «prezident siyosatiga xiyonat» deb atadi. Davlat rahbari «quyidagi» muammolarni tushunish hamda vazifa va topshiriqlarni «to‘g‘riroq» belgilab olish uchun amaldorlarga mahallalarga ko‘chib o‘tishni taklif etdi.
«Parlament Prezidentning aytganini qiladi degan gap avvalgi vaqt uchun to‘g‘ri kelar edi, avvalgi vaqtdagi dunyoqarash bu» — deydi Senat raisi Tanzila Narbayeva. Uning so‘zlariga ko‘ra, parlament hozir to‘liq mustaqil va unga hech kim bosim o‘tkazmaydi.
Adliya vazirligi qonun hujjatlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibini tasdiqladi. Jarayonga jamoatchilik jalb qilinadi — fuqarolar regulation.gov.uz portalida cheklist to‘ldirib normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishlari mumkin.
Yangi aerodrom yaqinida faqat daraxtzor, buta va gullardan iborat dendropark (155 gektar), shuningdek, uning yonida Olimpiya shaharchasi (160 gektar) qurilishi rejalashtirilmoqda. Chirchiq daryosining qirg‘oqlarida ham park (270 gektar) bunyod etilishi ko‘zda tutilgan.
Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda 2021-yilgi sug‘orish mavsumida suv ta’minoti 25 foiz kam bo‘lishi kutilayotgani aytildi. Shu bois, 430 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali 3 mlrd kubmetr suvni tejash lozimligi ta’kidlandi.
Prezident raisligida o‘tgan videoselektorda bu yil Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasiga 24 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ma’lum qilindi. Bunda, birinchi marta, sabzavot yetishtirishga Markaziy bankning asosiy stavkasida kreditlar berish uchun 300 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratish nazarda tutilgan.
Shuhrat Musayev Namangan viloyat hokimining o‘rinbosari — Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bundan avval, u viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi bo‘lgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Muhammadzokir Mamatxonov Uychi tumani hokimi etib tayinlandi.
Prezident qaroriga ko‘ra, Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi etib qayta tashkil etildi. Boshqarma mustaqil tarkibiy bo‘linma hisoblanib, o‘z vakolatlari doirasida qo‘riqlash xizmatlari uchun tushadigan mablag‘lar hisobiga, o‘zini o‘zi mablag‘ bilan ta’minlash tamoyili asosida amalga oshiradi.
Jinoyat kodeksining yangi tahririda korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Jumladan, davlat xizmatchilarining noqonuniy boyishi to‘g‘risida modda va nomoddiy foyda to‘g‘risida norma paydo bo‘ladi.
Deputat Rasul Kusherbayev OTMga kirolmagan o‘quvchilar sababli maktab direktorlari ishdan olinishi «demagogiya ekanligi» va o‘qituvchilarning bunda aybi yo‘qligini ta’kidladi. «Bolaning tadbirkorlikka qiziqishi bo‘lsa, o‘qishga kirishni xohlamasa ham biz o‘qituvchini ayblaymizmi?», — dedi deputat. Uning aytishicha, bunday talab qonunchilik yoki Mehnat kodeksida belgilanmagan.
Qo`shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro`yxatdan o`ting