2 aprel, payshanba

Koronavirus

Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha xayriya tadbirlarini markazlashtirish tavsiya etildi 

1 apreldan yakka tartibda xayriya tadbirlarini o‘tkazish vaqtincha taqiqlandi. Ehtiyojmand oilalarga xayriya yordamlari markazlashtirilgan holda yetkaziladi. Ushbu ishga NNT va ko‘ngillilar (volontyor) qo‘shilishga chaqirildi.

1 apreldan O‘zbekistonda «samoizolyatsiya» tartibi joriy etiladi 

O‘zbekistonda 1 apreldan boshlab «o‘zini yakkalash» (samoizolyatsiya) hayot tarzi joriy etiladi. Zarurat bo‘lgan taqdirdagina yaqin atrofdagi dorixona, oziq-ovqat va birinchi galdagi tovarlar do‘koniga chiqishga ruxsat etiladi. 65 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolarga uyidan tashqariga chiqish qat’iyan man etiladi.

Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash vaziri va bosh vazir o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etildi 

Qirg‘izistonda koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha chora-tadbirlar qoniqarsiz tashkillashtirilganligi uchun bosh vazirning o‘rinbosari Oltinoy Omurbekova va Sog‘liqni saqlash vaziri Kosmosbek Cholponbayev o‘z lavozimlaridan ozod etildi.

O‘zbekistonda yana 4 nafar koronavirus bemori tuzaldi 

Virusologiya institutida davolanayotgan 4 nafar koronavirus bemori butunlay sog‘aydi. O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalgan bemorlar soni 12 kishiga yetdi.

Payariq tuman hokimi karantinga olindi 

Samarqand viloyati Payariq tuman hokimi D. Musinov koronavirus infeksiyasi qayd etilgan paytda Turkiyada xizmat safarida bo‘lgani uchun karantinga olingan. Uning sog‘lig‘ida hech qanday salbiy o‘zgarishlar yo‘q va karantin davri tugagandan so‘ng ish faoliyatini davom ettiradi.

O‘zbekiston byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun OTBdan 1 mlrd dollar so‘radi 

O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi tufayli byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 1 mlrd dollargacha miqdorda mablag‘ ajratishni so‘radi. OTB prezidenti O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqovga videokonferensiya orqali ushbu jarayonni tezlashtirishini ma’lum qildi.

YeOII COVID-19 sababli mahsulotlar eksportini taqiqladi 

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi pandemiya sababli grechka, guruch, javdar, kungaboqar urug‘i va boshqa mahsulotlar eksportini taqiqladi.

IIV: Kun davomida 2700 marotaba karantin qoidalari buzildi 

Karantin e’lon qilingandan buyon O‘zbekistonda 17 mingdan ziyod karantin qoidalarini buzish holatlari aniqlandi. Ushbu qoidabuzarliklarning aksariyati tibbiy niqob taqmaganlik bilan bog‘liq.

Toshkentda stikersiz haydovchilarni jarimaga tortish boshlandi 

Toshkentda o‘tkazilayotgan reyd tadbirlari doirasida 11 soat ichida 168 nafar haydovchi maxsus ruxsatnomasiz avtomobil boshqargani aniqlandi. Ular jarimaga tortildi, avtomobillar esa jarima maydonchasiga olindi.

Qo‘qonda koronavirus haqida yolg‘on xabar tarqatgan mahalliy deputatga jinoiy ish qo‘zg‘atildi 

Qo‘qonda 2 kishida koronavirus aniqlangani va ular karantinga olingani haqida yolg‘on xabar tarqatgan shahar kengashi deputatiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Alisher Usmonov O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashga 20 mln dollar ajratdi 

Milliarder Alisher Usmonov «O‘zbekiston Mehr-shafkat va salomatlik» jamg‘armasiga o‘z hisobidan 20 million dollar beg‘araz yordam ajratdi. Ushbu mablag‘ Zangiota tumanida qurilayotgan 10 ming o‘rinli tibbiy muassasani zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun sarflanadi.

Bog‘cha bolalari uchun ta’limiy teleloyiha efiri boshlandi 

MTV 1 apreldan «Bolajon» kanalida bog‘cha bolalari uchun ingliz tili, arifmetika, ertalabki badantarbiya va logopedik mashg‘ulotlardan iborat ta’limiy teleloyihani ishga tushirdi.