O‘zbekistonda pillachilik sohasida band bo‘lgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlar “yangiish.mehnat.uz” platformasiga kiritiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasida 29-yanvar kuni qabul qilingan “Pillachilik sohasida ayollarni bosqichma-bosqich ish bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, prezidentning 2024-yil may oyida tegishli farmoniga muvofiq, 2027-yilga qadar pillachilik sohasida mavsumiy bandlikni 2 million kishiga yetkazish rejalashtirilgan.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi pillachilik klasterlari bilan birgalikda ishsiz ayollarni ipak qurti yetishtirish agrotexnikasi va uni qayta ishlash ko‘nikmalarini o‘rgatish kurslariga jalb qilmoqda.
Bunda ushbu kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan shaxslarning bandligi 105 ming gektar yer maydonida yangi tut plantatsiyalarini barpo etish va dalalar chetiga yangi tut ko‘chatlarini ekish hisobidan ustuvor tartibda ta’minlanadi.
O‘quv kurslarini videokonferensaloqa orqali o‘tkazishda ishtirok etish uchun Xitoy, Vetnam, Hindiston, Yaponiyadan pillachilik mutaxassislarini taklif etish rejalashtirilmoqda.
Yuqorida qayd etilganidek, sohada band bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlar “yangiish.mehnat.uz” platformasiga kiritiladi. Shu yerda kurslarda ta’lim olgan va doimiy hamda mavsumiy ishga qabul qilingan ayollar soni hisobga olinadi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Soliq qo‘mitasi asosiy parametrlarga muvofiq pillachilik sohasida qisqa muddatli o‘quv kurslarini tamomlagan xotin-qizlarning doimiy va mavsumiy ishlarga qabul qilingani hisobini ham shu platforma orqali yuritadi.
Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlangan:
- Ayollarni pillachilik bo‘yicha qisqa muddatli kurslarda o‘qitish va sohaga jalb qilishning asosiy parametrlari;
- Ayollarni pillachilik sohasida qisqa muddatli o‘quv kurslarida o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki oy muddatda:
- Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda ipak qurti parvarishi bilan shug‘ullanuvchi kasanachilarning ijtimoiy daftarlarda bo‘lishi hamda ushbu fuqarolarning ijtimoiy nafaqalarini saqlash tartiblari yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
- Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston sharoitiga mos, chidamli va unumdorligi yuqori mahalliy ipak qurti zotlarini yaratish uchun xorijiy grantlarni jalb qilish;
- Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ipak sanoati rivojlangan xorijiy davlatlarning tadbirkorlik birlashmalari (uyushmalari) bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish choralarini ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 10-may kuni charm va ipak sanoatini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazgandi.
O‘shanda davlat rahbari pillachilikdagi eng dolzarb muammo ozuqa ta’minoti bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan. Bu muammoni hal qilish uchun tutning yangi serhosil navlarini ekishni kengaytirish zarur. Paxta maydonlari chetiga bir-ikki qatordan tut ekilsa, qo‘shimcha ozuqa manbai yaratilishi mumkin, dedi prezident.
Yig‘ilishda hokimlarga yangi tutzorlar tashkil qilish uchun 105 ming gektar yer ajratish topshirilgandi. Bu yerlar lotlarga bo‘linib, auksion orqali aholiga berilishi, auksionda yerning boshlang‘ich narxi 10 foiz etib belgilanishi qayd etilgan. Band bo‘lmagan aholi, jumladan, ayollar monomarkazlar va pillachilik klasterlarida qisqa kurslarda o‘qitilishi ham ta’kidlangan.