AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi yoki USAID veb sayti 1-fevral kuni hech qanday izohsiz ishlamay qoldi, shu kunlarda Tramp ma’muriyati mustaqil agentlikni va uning global gumanitar operatsiyalar uchun joriy 42,8 milliard dollarlik budjetini Davlat departamenti nazoratiga o‘tkazishga harakat qilmoqda. Bu haqda Reuters, CNN va The Guardian xabar berdi.
Shanba kuni veb saytga kirishga urinilganida “server IP manzili topilmadi” degan xabar paydo bo‘ldi.
Trampning jamoasi agentlikni Davlat departamentiga o‘tkazish imkoniyatini o‘rganayotgani haqida Politico bir kun avval manbalarga tayanib yozgandi. Nashrning besh nafar suhbatdoshi aniq rejalar haqida bilmasligini, ammo “USAID mustaqilligi kafolatlanmaganini” aytgan.
Kongress demokratlari Tramp ma’muriyatiga qarshi tobora ochiqroq kurash olib borib, Tramp USAID`ni mustaqil agentlik sifatida tugatishga va uni Davlat departamentiga o‘tkazishga harakat qilishi mumkinligidan xavotir bildirdi. Demokratlarning ta’kidlashicha, Tramp Kongress tomonidan moliyalashtiriladigan mustaqil agentlikni yo‘q qilish uchun qonuniy vakolatga ega emas va USAID`ning ishi milliy xavfsizlik uchun juda muhimdir, deb yozadi CNN.
Tramp va Kongressdagi respublikachilarning ta’kidlashicha, tashqi yordam va rivojlanish dasturlarining aksariyati behuda sarflanyapti. Ular liberal ijtimoiy kun tartibini ilgari suruvchi dasturlarni ajratib ko‘rsatdi.
Politico nashrining ta’kidlashicha, agentlikni Davlat departamenti boshqaruviga o‘tkazish AQSh Kongressining roziligini talab qilishi muqarrar, biroq u rasman saqlanib qolgan taqdirda ham, agentlik kichrayishi va o‘z kun tartibini belgilash imkoniyatini yo‘qotishi mumkin.
AP ma’lumotlariga ko‘ra, USAID`ning kamida 56 nafar yuqori martabali xodimi ta’tilga yuborilgan. Vashingtonda va dunyoning boshqa mintaqalarida ishlaydigan agentlikning bir necha yuz pudratchisi, shuningdek, AQShda USAID`ning 500 ga yaqin xodimi qisqartirishlarga duch keldi.
Ta’tilga yuborilganlar orasida USAID xavfsizlik bo‘yicha direktori Jon Vorxiz va uning o‘rinbosari Brayan Makgill ham bor. Bu qaror milliarder va Trampning hamkasbi Ilon Mask boshchiligidagi Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) xodimlariga USAID tizimlaridan, shu jumladan, maxfiy materiallardan foydalanish huquqini berishdan bosh tortganidan keyin qabul qilindi.
Maskning o‘zi USAID`ni “o‘lim vaqti kelgan jinoiy tashkilot” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ham agentlikni yopish zarur, degan fikrda.
“Prezidentning to‘liq qo‘llab-quvvatlashisiz bularning hech birini amalga oshirib bo‘lmasdi. Men u bilan bu masalani batafsil muhokama qildim va u biz uni yopishimiz kerakligiga rozi bo‘ldi… Men undan bir necha marta so‘radim. „Ishonchingiz komilmi?“ deb so‘radim. U: „Ha,“ deb javob berdi. Shuning uchun biz uni yopyapmiz”, — dedi Mask X Spaces sessiyasida.
Agar USAID Davlat departamentiga bo‘ysundirilsa, u inson hayotini saqlab qoluvchi gumanitar operatsiyalarning dunyodagi eng yirik donori bo‘lganidan ko‘ra tashqi siyosat maqsadlar asosiga aylanishi mumkin, deb ta’kidladi The Guardian. USAID o‘tmishda Qo‘shma Shtatlar diplomatik aloqalari bo‘lmagan davlatlarga, jumladan, Eronga ham yordam bera olgan.
Qarorning ta’siri
Qochqinlar lagerlaridagi dala shifoxonalari, urush zonalarida minalarni yo‘q qilish va OIV/OITS kabi kasalliklardan aziyat chekayotgan millionlab odamlarni davolash uchun dori-darmonlar mablag‘lari to‘xtatilishi mumkin bo‘lgan dasturlar qatoriga kiradi.
2023 moliya yilida Qo‘shma Shtatlar butun dunyo bo‘ylab mojaro zonalaridagi ayollarning sog‘lig‘idan tortib toza suvdan foydalanish, OIV/OITSni davolash, energiya xavfsizligi va korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarigacha bo‘lgan hamma narsaga 72 milliard dollar yordam ko‘rsatgan. U 2024-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan kuzatilgan barcha gumanitar yordamning 42 foizini taqdim etdi.
O‘tgan hafta Tramp tomonidan chiqarilgan ijroiya farmoni natijasida Davlat departamenti butun dunyo bo‘ylab ish to‘xtatish ko‘rsatmalarini e’lon qildi. Bu, mutaxassislar ogohlantirganidek, odamlar hayotiga xavf solishi mumkin bo‘lgan holda, favqulodda oziq-ovqat yordamidan tashqari barcha xorijiy yordamlarni amalda muzlatib qo‘ydi.
- Xalqaro taraqqiyot agentligi prezident Jon Kennedi tomonidan Sovuq urush avjiga chiqqan paytda — 1961-yilda Kongress chet el yordami to‘g‘risidagi qonunni qabul qilganidan keyin tashkil etilgan. O‘sha paytdagi agentlikning maqsadi, shu jumladan, SSSR ta’siriga qarshi turish edi. Hozirda AQSh insonparvarlik yordamining dunyodagi eng yirik donori bo‘lib, unga mamlakat budjetining taxminan 1 foizi sarflanadi.
- Donald Tramp o‘z inauguratsiyasi kuni USAID`ning xorijiy davlatlarga yordam dasturlarini “Amerika qadriyatlari” va AQSh tashqi siyosatining maqsadlariga muvofiqligini taftish qilish uchun 90 kunga muzlatib qo‘ydi. Muzlatish to‘g‘risidagi buyruq kuchga kirgandan so‘ng USAID`ning Ukrainadagi xodimlari barcha ishlarni to‘xtatish bo‘yicha buyruqlar ola boshladi. Maktablar va kasalxonalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, iqtisodiy va energetika infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari xavf ostida qoldi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda OIV bilan yashayotgan millionlab odamlar, emlanishi kerak bo‘lgan bolalar, shuningdek, jangovar hududlarda tinch aholi yordamdan mahrum bo‘ldi.
USAID, jumladan, O‘zbekistonga ko‘p yillik hamkorlik davomida asosan iqtisodiy rivojlanish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, energiya samaradorligi, suv resurslarini boshqarish, shuningdek, demokratiya va inson huquqlari sohalarida yordam ko‘rsatib kelmoqda. 1993-yildan buyon USAID O‘zbekistonga 650 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgan.