1-fevral kuni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Galina Pavlovna Matviyevskaya Orenburg shahridagi uyida 95 yoshida vafot etdi, deya xabar berdi akademiya matbuot xizmati.
Galina Matviyevskaya 1930-yilda Dnepropetrovsk (hozirgi Ukrainaning Dnepr shahri)da tug‘ilgan. U 1959-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutiga o‘rta asrlar Sharqidagi fanlar tarixi bo‘yicha tadqiqotlarni kuchaytirish uchun taklif qilingan.
U Boris Abramovich Rozenfeld bilan birgalikda jahon fondlarida saqlanayotgan arab tilidagi matematika va astronomiyaga oid qo‘lyozmalar katalogini tuzgan, shogirdlari bilan birgalikda FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidagi matematik qo‘lyozmalarining tavsifini amalga oshirgan.
O‘zbekistonda sharqshunoslik fanining rivojiga hissa qo‘shgan atoqli olima Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Shamsiddin Samarqandiy va Mirzo Ulug‘bek, Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy va boshqa olimlarining ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish, shuningdek, ilm-fan tarixi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashdagi xizmatlari uchun Beruniy nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti (1974), “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni (1980) bilan taqdirlangan.
Professor Fanlar akademiyasi muxbir a’zosi (1984), so‘ngra akademiyaning haqiqiy a’zosi (2000) etib saylangan. U YUNESKO tomonidan tabiiy fanlar tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis sifatida tan olingan va Xalqaro fanlar tarixi akademiyasining (Parij) haqiqiy a’zosi etib saylangan.
Galina Matviyevskaya Xorazmiy, Dekart, Beruniy, Ulug‘bek, Romanovskiy, So‘fiy haqida kitoblar nashr ettirgan, sharqshunoslik sohasiga ilmiy to‘plamlar tuzuvchisi va bosh muharriri bo‘lgan, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning 1200-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan yubiley (1983) tadbirlarini o‘tkazishda faol ishtirok etgan, deyiladi xabarda.