2-fevral kuni 2025-yilgi ilk Paris Grand Slam musobaqasi doirasida Xalqaro dzyudo federatsiyasi 2024-yil yakunlari bo‘yicha Judo Awards 2024 marosimi o‘tkazdi. Unda Olimpiya o‘yinlari chempioni Diyora Keldiyorova va uning murabbiyi Marko Shpittka nomzodi eng yaxshilar qatoridan o‘rin oldi.
Xususan, Diyora Keldiyorovaning Parij Olimpiadasida nimchorak final bahsida yaponiyalik Uta Abe ustidan qozongan g‘alabasi “Yil voqeligi” deb topildi. Shuningdek, Diyoraning murabbiyi Marko Shpitka “Ayollar terma jamoalarining eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Diyora Keldiyorova ayollar o‘rtasida yilning eng yaxshi dzyudochisi nominatsiyasida ham kuchli uchlikdan o‘rin olgandi. Biroq tanlov natijalariga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda kanadalik Krista Deguchi sovrindor bo‘ldi.
Xalqaro federatsiya g‘oliblarni 8 ta yo‘nalish bo‘yicha tanladi. Bunda:
- “Bolalar uchun dzyudo nominatsiyasi”da Fransiya;
- “Tinchlik uchun dzyudo” yo‘nalishida Janubiy Afrika;
- “Yil voqeligi” — Diyora Keldiyorovaning yengilmas raqibi Uta Abe ustidan qozongan g‘alabasi;
- Yilning eng yaxshi murabbiylik yutug‘i — Diyora Keldiyorovaning murabbiyi Marko Shpitka (ayollar o‘rtasida), Fransiyalik murabbiy Baptiste Leroy (erkaklar o‘rtasida);
- “Yangi yulduz” — Jon Benjamin Gava (Fransiya);
- “Yil dzyudochisi” — Hidayat Heydarov (Ozarbayjon);
- “Ayollar o‘rtasidagi yil dzyudochisi” — Krista Deguchi (Kanada)
- “Yil ipponi” nominatsiyasida Teddi Reyner (Fransiya) g‘olib deb topildi.