Toshkent viloyatida o‘zbek-qozoq chegarasida joylashgan “G‘ishtko‘prik” (Chernyayevka) chegara bojxona posti 5-fevraldan boshlab 4 oyga yopiladi, deya xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi.
Qayd etilishicha, cheklov mazkur postdagi katta qurilish va rekonstruksiya ishlarini mantiqiy nihoyasiga yetkazish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Xususan, postda vaqtinchalik binolarni demontaj qilish, hududni obodonlashtirish, postga tutash hududda zarur infratuzilmani tashkil etish nazarda tutilgan.
“G‘ishtko‘prik” chegara posti orqali harakatlanayotgan fuqarolar va transport vositalarining harakati 5-fevral kunidan “Navoiy” chegara bojxona postiga yo‘naltiriladi. U Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan bo‘lib, “G‘ishtko‘prik” postiga yaqin hudud hisoblanadi.
Jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar va avtobuslar harakati uchun qulay bo‘lishini ta’minlash maqsadida “Navoiy” chegara bojxona postida yuk avtotransport vositalari harakati cheklanadi.
Eslatib o‘tamiz, “G‘ishtko‘prik — Jibek joli” nazorat-o‘tkazish punktini modernizatsiya qilish ishlari post o‘z ishini davom ettirgan holda 2022-yilda boshlangandi. Loyihaga ko‘ra, uning hududi 1,5 gektarga kengaytiriladi, bu esa uning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini 350 avtotransportdan 1000 avtotransportgacha hamda 30 ming kishidan 50 ming kishigacha oshirish imkonini beradi.
Ma’lumot o‘rnida, Qoraqalpog‘iston va Qozog‘iston o‘rtasidagi “Tajen” — “Dovut ota” chegara o‘tkazish punktlarida ham harakatlanish 1-fevraldan uch oyga to‘xtatilgandi.