Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda jami 111 kilogramm narkotik modda musodara qilindi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Tojikistonning So‘g‘d viloyati Panjikent tumanidan aylanma yo‘llar orqali 10 kg 894 gr opiy moddasini Urgut tumani hududiga olib kelgan Tojikiston fuqarolari — 1980, 1982, 1989-yillarda tug‘ilgan 3 nafar aka-uka qo‘lga olindi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi bo‘lgan, Urgut tumanida yashovchi 1982 y.t. ayol ham ushlandi. Uning yashash xonadonida saqlanayotgan 13 kg 85 gr opiy protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Boshqa holatda o‘zbek-tojik davlat chegarasining Toshkent viloyati Bekobod tumani Turon mahallasi hududidan o‘tuvchi qismida tezkor qidiruv tadbirlari olib borilgan. Jarayon davomida Tojikistonning So‘g‘d viloyati Mastchox tumanidan Bekobod tumaniga oqib o‘tuvchi Dalvarzin kanali orqali oqizib yuborilgan 3 dona yelim idishda jami 8 kg 381 gr opiy va 59 kg 296 gr gashish borligi aniqlandi.

Ushbu giyohvandlik vositalarini qabul qilib olish maqsadida chegara hududiga kelgan vaqtida Bekobod shahri va tumanida istiqomat qiluvchi 1985, 1989, 1996 va 1997-yillarda tug‘ilgan 4 nafar fuqaro qo‘lga olindi. Ulardan 2 nafari muqaddam sudlangan.

giyohvandlik vositalari, дхх, narkotik

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda kontrabanda qilish) va 273-moddasi 5-qismi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Bekobod tumanida qayd etilgan yana bir holatda o‘zbek-tojik davlat chegarasidan taxminan 400−500 metr uzoqlikdagi dala maydonida muqaddam noma’lum shaxslar tomonidan qoldirib ketilgan 1 dona sport sumkasi ichida 3 kg 942 gr opiy va 15 kg 473 gr gashish moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda holat yuzasidan JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, giyohvandlik vositalarini qoldirib ketgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.