30-yanvar kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi vafot etdi, deya xabar bermoqda viloyat YHXB.

Qayd etilishicha, reyd tadbiri davomida 24 yoshli fuqaro M.G‘. amakisiga tegishli BYD Song EV avtomobilini tegishli hujjatlarsiz boshqargani aniqlanib unga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

So‘ngra YPX inspektori R.Q. mashinani jarima maydonchasiga olib ketayotganida 17 yoshli X.N. ustoziga tegishli Damas avtomobilini haydovchilik guvohnomasiz boshqarib, Qapchug‘ay mahallasida ikkinchi darajali yo‘ldan asosiy yo‘lga chiqib ketishi sababli BYD bilan to‘qnashgan.

Ustozi bolaning haydovchilik guvohnomasi yo‘qligini bila turib avtomobilni unga bergan, deyiladi xabarda. YTH oqibatida u tan jarohati olib, ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.