O‘zbekistonda uylar va korxonalarga quyosh batareyalarini o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident bilan 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda quyosh panellari va suv isitgichlarini o‘rnatishni rag‘batlantirish uchun 2 trln so‘m ajratish masalasi muhokama qilindi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, 2 yil ichida aholi va xo‘jalik subyektlarini kamida 50 foiz tomlarini quyosh panellari bilan qoplash rejalashtirilmoqda.

Bosh prokuror o‘rinbosari Shoxrux Aminov 2025-yilda aholi xonadonlari, kichik biznes va ijtimoiy soha obyektlari energiya iste’molining kamida 40 foizi muqobil energiya manbalari hisobiga qoplanishini ta’kidladi. “Bu vazifaning bajarilishi so‘zsiz ta’minlanadi”, — dedi u.

28-yanvar kuni bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika shtabining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlarini oldini olish hamda energoresurslarni iqtisod qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli tanqidiy muhokama qilindi.

Uchrashuvda 100 mingta obyektda va 150 mingta xonadonda jami 600 MVt quvvatda quyosh paneli o‘rnatish reja qilingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqdagi topshiriq davlat rahbari huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishida berilgan. Vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda mahalliy hokimliklar, bojxona organlari, “O‘zenergoinspeksiya”, tijorat banklari, ta’minot korxonalari va boshqa tegishli idoralardan iborat ishchi guruh tuziladi.

bosh prokuratura, muqobil energiya, қайta тiкланадiган energiya, quyosh panellari

Ular berilgan topshiriqlarni belgilangan muddatlarga bajarish, mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal qilish, shuningdek, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun javobgar bo‘ladi.

Quyosh panellarini o‘rnatishdan tashqari, iqtisod qilishning qo‘shimcha manbalarini aniqlash, reaktiv batareya o‘rnatish bo‘yicha ulgurji iste’molchiga yozma ko‘rsatma borish, ikki bosqichliga o‘tkazish, 400 ta yirik iste’molchilarda energoaudit o‘tkazish yuzasidan topshiriqlar berilib, ijrosi Respublika shtabi tomonidan alohida nazoratga olindi.

Shuningdek, tumanlar kesimida nostandart gaz yondirgichlarni almashtirish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida Sirdaryoda elektrdan uzilgan tadbirkorlar hokimiyat binosi oldiga yig‘ilgandi. Ular HETK tomonidan asossiz ravishda, quyosh paneli o‘rnatmagani uchun tarmoqdan uzib qo‘yilganini aytgan. Viloyat HETK holatga munosabat bildirib, mas’ullar prezident qarorini noto‘g‘ri talqin qilganini ma’lum qilgan.

“Gazeta.uz” butun mamlakat bo‘ylab tadbirkorlar shu sababdan elektr energiyasi uzilishi tahdidiga duch kelayotgani haqida yozgan. Shu bilan birga, Energetika vazirligi kimnidir quyosh paneli o‘rnatishga majburlash, o‘rnatilmagan taqdirda tarmoqdan uzib qo‘yish bilan ogohlantirish “hech bir qonunchilik hujjatlarida belgilanmagan”i bildirgan.

Avvalroq energetika vaziri quyosh panellari o‘rnatishga majburlovga uchragan tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan qabulxonasi telefon raqamini bergan: +99871−231−14−41.

2023-yilning 1-maydan boshlab O‘zbekistonda yangi ko‘p qavatli uylar tomlarining bo‘sh qismining kamida 50 foiziga quyosh batareyalarini o‘rnatish talabi joriy etilgan.

Bundan tashqari, quyosh batareyalarini o‘rnatgan aholi ortiqcha elektr energiyasini davlatga sotgani uchun 1000 so‘mdan olishi mumkin.

Prezident 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda resurs tejaydigan iqtisodiyot modelga o‘tish vaqti kelganini aytgan. O‘zbekistonda jami quvvatlardagi “yashil” energiyaning ulushini 16 foizdan 26 foizga oshirish rejalashtirilmoqda. Kam uglerodli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 300 mln dollar jalb qilinadi.