2024-yil davomida O‘zbekistonda 9364 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgan bo‘lib, shundan 3045 tasi (32,5 foiz) yuk va yo‘lovchi tashishni amalga oshiruvchi transport vositalari bilan bog‘liq. Bu haqda 24-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qildi.

Yuk va yo‘lovchi transporti ishtirokidagi YTHlarning umumiy sonidan:

  • eng ko‘p holatlar Damas mikrovenlari (jamoat transporti sifatida keng qo‘llaniladi) ulushiga to‘g‘ri keldi — 1592 (52,3 foiz);
  • yuk transportilari — 558 ta holat (18,3 foiz);
  • avtobuslar — 137 ta holat (4,5 foiz);
  • mikroavtobuslar — 29 ta holat (0,95 foiz).

Ilhom Mahkamov. Foto: Qonunchilik palatasi.Ilhom Mahkamov. Foto: Qonunchilik palatasi.

Hisobotda alohida ta’kidlanishicha, 351 ta YTH (3,7 foiz) haydovchilar ish va dam olish rejimiga rioya qilmagani sababli rulda uxlab qolgani ortidan sodir bo‘lgan. Bunday avariyalar oqibatida 189 kishi halok bo‘lgan, 285 kishi jarohat olgan.

Avtomobilni boshqarish paytida uxlab qolish dunyodagi yo‘l-transport hodisalarining eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biridir. Haydovchilarga fojiali oqibatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, ayniqsa, uzoq safarlarda dam olish tartibiga rioya qilish tavsiya etiladi.

Avvalroq o‘tgan yili 9364 ta YTH oqibatida 8901 kishi jarohatlangani va 2203 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi. 2024-yilda jabrlangan va halok bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga aniqlik kiritilmagan. 2023-yilda bolalar ishtirokida 1794 ta YTH sodir bo‘lgan. Ularda 1568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan. 2022-yilda bunday ma’lumotlar to‘liq e’lon qilinmagan, ammo o‘sha yilning 10 oyida 226 nafar bola vafot etgan.