O‘zbekiston va Qirg‘iziston mahkumlarni almashadi. Bu haqdagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 31-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan majlisda qabul qilindi. Hujjat Senatga ma’qullash uchun yuborildi. Avvalroq Qirg‘iziston Jogorku Keneshi ham qonunni ma’qullagan edi.

Mahkumlarni vatanda jazoni o‘tash uchun topshirish to‘g‘risidagi shartnoma 2024-yil 18-iyulda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning tashrifi doirasida Toshkentda imzolangandi.

24.kg nashrining Qirg‘iziston bosh prokurori o‘rinbosari Umutkan Konkubayevaga tayanib xabar berishicha, O‘zbekistonda 42 nafar qirg‘izistonlik, Qirg‘izistonda esa 97 nafar o‘zbekistonlik jazo o‘tamoqda. Majlisda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi Abdushukur Hamzayev biroz boshqacha ma’lumotlarni keltirdi — 45 nafar qirg‘izistonlik va 96 nafar o‘zbekistonlik.

O‘zbekiston parlamenti quyi palatasi a’zosi Kozimjon Tojiyevning aniqlik kiritishicha, mahkumlar O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi “Do‘stlik"/"Dostuk” nazorat-o‘tkazish punkti orqali almashtiriladi.

Hujjat, shuningdek, mahkumlarni topshirish xarajatlarini qoplash, nizolarni hal qilish mexanizmi, tomonlar o‘rtasidagi rasmiy muloqot tillari va boshqa masalalarni tartibga soladi. Shartnomaga muvofiq, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Bosh prokuraturalari uning ijrosi uchun mas’ul bo‘lgan markaziy organlar hisoblanadi.

Deputatlarning ta’kidlashicha, kelishuv mahkumlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ularning oilalari bilan aloqasini saqlash va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.