AQSh prezidenti Donald Tramp Kubadagi Guantanamo harbiy-dengiz bazasidagi immigratsiya operatsiyalari markazini o‘n minglab muhojirlarni qabul qilish uchun “to‘liq quvvatga” kengaytirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb xabar beradi Oq uy sayti.

Farmon Pentagon va Milliy xavfsizlik vazirligiga Guantanamoda “Qo‘shma Shtatlarda noqonuniy bo‘lib turgan alohida muhim xorijlik jinoyatchilar” uchun qo‘shimcha hibsxonalar ajratishni buyuradi.

“Guantanamoda Amerika xalqiga tahdid soluvchi eng xavfli noqonuniy jinoyatchilarni saqlash uchun 30 ming joyimiz bor. Ularning ayrimlari shunchalik xavfliki, hatto ularni o‘z mamlakatlariga topshirishga ishonmaymiz, chunki qaytib kelishini xohlamaymiz. Shu sababli biz ularni Guantanamoga yubormoqchimiz”, — dedi Tramp.

U bu chora AQSh rasmiylarining noqonuniy muhojirlarni hibsga olish qobiliyatini “darhol ikki baravar oshirishini” ta’kidladi va Guantanamo “qochib ketish qiyin” joy ekanini qo‘shimcha qildi.

Guantanamodagi migrantlarni saqlash markazi terrorizmda gumon qilingan chet elliklar uchun mo‘ljallangan qattiq qo‘riqlanadigan qamoqxonadan alohida joylashgan bo‘lib, o‘nlab yillar davomida vaqti-vaqti bilan ishlatilgan. Reuters’ning qayd etishicha, u asosan dengizda qo‘lga olingan gaitiliklar va kubaliklarni saqlash uchun foydalanilgan.

  • 30-yanvar kuni Donald Tramp huquq-tartibot idoralaridan AQShda o‘g‘irlik va zo‘ravonlik jinoyatlarida gumon qilingan noqonuniy muhojirlarni, hatto ularga rasmiy ayblov qo‘yilmagan bo‘lsa ham, hibsga olishni talab qiluvchi Leyken Rayli qonunini ham imzoladi.