O‘zbekistondagi xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘ylarida Service point va Service area obyektlari tashkil etiladi. Bu prezidentning mamlakatda transport-logistika tizimini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida belgilangan.

Service point — avtomobillarga yoqilg‘i quyish hamda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, umumiy ovqatlanish obyektlari, do‘konlar, texnik servis punktlari, sanitariya-gigiena shoxobchalari.

Service area — Service point obyektlari, TIR park, motellar, avtomobillarni yuvish shoxobchalar va wi-fi nuqtalarini qamrab oladi.

service area, service point

Service point va Service area obyektlari Transport vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylarida tashkil etiladi.

Service point va Service area obyektlarini tashkil etishda yer uchastkalari o‘rmon fondi yerlari hamda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar toifasidan sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘rnatilgan tartibda o‘zgartiriladi.

Qarorga ko‘ra, mamlakatdagi xalqaro (3384 km) va davlat ahamiyatidagi (14 316 km) avtomobil yo‘llarida jami 82 ta shunday obyektlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Qarorda Transport vazirligi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangan:

  • Service point va Service area obyektlari tashkil etiladigan yer uchastkalarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlash;
  • avtomobil yo‘llari bo‘yida servis obyektlarini master rejalar asosida qurib bitkazilgan holda tayyor biznes shaklida elektron onlayn auksionga chiqarish tartibini belgilash;
  • xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari bo‘ylarida Service point va Service area obyektlariga qo‘yiladigan talablarni belgilash.