2027-yildan boshlab O‘zbekistonda kartoshkaga bo‘lgan talab to‘liq ichki imkoniyat hisobidan qoplanadi. Bu haqda 30-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda so‘z bordi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda kartoshka 290 ming gektarda ekilsa ham, ehtiyojning bir qismi importdan qoplanyapti. Sababi nav va hosildorlik yaxshi emas, deyiladi xabarda.

Prezident shu bois Kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga iqlimga mos, serhosil navlarni yaratish, “in-vitro” usulida yiliga 3 mln dona tuganaklar yetishtirib, tarqatish vazifasini qo‘ydi.

2025-yilda kartoshkachilikni rivojlantirish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 400 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Chetdan olib kelinadigan urug‘lik kartoshka uch yilga bojxona bojidan ozod qilinadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kartoshkaga yillik talab 4 mln tonnani tashkil etadi. 2024-yilda mamlakatda jami 3,7 mln tonna, shundan asosiy maydonda 2,7 mln tonna va takroriy ekin sifatida 1 mln tonna kartoshka yetishtirilgan. Mazkur hosilning 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urug‘lik sifatida zaxira qilingan va tabiiy yo‘qotish 100 ming tonna (3 foiz) atrofida belgilangan.

Prezident huzuridagi Statistika agentligining xabar berishicha, 2024-yilning yanvar-noyabr oylarida O‘zbekistonga 627 ming tonna kartoshka import qilingan. Bu hajmning 74,2 foizi yoki 465,2 ming tonnasi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu oyda Qozog‘iston hukumati kartoshka eksportini olti oyga chekladi.

Bir yil davomida O‘zbekistonda kartoshka deyarli 40 foizga qimmatlagan. 3-yanvardan to 21-yanvargacha Toshkentdagi “Yangi Qo‘yliq” (Food City) bozorida kartoshkaning narxi minimal 3500 co‘mdan 6500 so‘mga (85 foizga), maksimal 6200 so‘mdan 8500 so‘mgacha (37 foiz) oshdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakatda zarur hajmda mahsulot yetkazib berilishiga ishontirdi.