Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Payme aksiyadorlik jamiyatini onlayn to‘lov tizimlari bozorida ustun mavqega ega operator sifatida e’tirof etdi.

Payme tomonidan onlayn to‘lov tizimlari bozorida ustun mavqega erishgani to‘g‘risida Raqobat qo‘mitasiga taqdim etilgan xabarnoma bunga asos sifatida olindi.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi qarori bilan tasdiqlangan “Raqamli platforma operatorining ustun mavqeini va ustun muzokara kuchini e’tirof etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda raqamli platforma operatorining ustun mavqega ega deb e’tirof etishning mezonlari belgilangan.

Ushbu qarorga muvofiq, qo‘mitaning tegishli buyrug‘i bilan onlayn to‘lov tizimlari bozorida Payme AJ ustun mavqega ega raqamli platforma operatori deb e’tirof etildi.

Payme haqida

To‘lov xizmati Gruziyaning TBC Bank Group bank guruhi tarkibiga kiradi. O‘tgan yilning to‘qqiz oyi davomida Payme`ning daromadi 341,6 mlrd so‘mni tashkil etgan (2023-yilning shu davriga nisbatan +38,1 foiz), sof foyda esa 186,94 mlrd so‘mga yetgan (+22 foz).

Ma’lumot uchun, ustun mavqe — bu tovar yoki moliya bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektning yoxud shaxslar guruhining raqobatlashuvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga bog‘liq bo‘lmagan holda unga o‘z faoliyatini amalga oshirish va raqobatning holatiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatish, tegishli bozorga boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning kirishini qiyinlashtirish yoxud ularning iqtisodiy faoliyat erkinligini boshqacha tarzda cheklash imkoniyatini beradigan holat.

Agar kompaniya yoki shaxslar guruhining bozor ulushi 40 foiz yoki undan yuqori bo‘lsa, shuningdek, boshqa hollarda mahsulot yoki moliya bozoridagi ustun mavqe tan olinadi.

Oktabr oyi oxirlarida Raqobat qo‘mitasi tomonidan YandexGo, Yandex Eats hamda Express24 ustun mavqega (monopol) ega raqamli platforma operatorlari sifatida e’tirof etilgandi. Dekabrda esa Uzbekistan Airways va Silk Avia kompaniyalarini ustun mavqega ega deb topildi. Ikkita kompaniya mahalliy aviatashuvlar, bundan tashqari, Uzbekistan Airways xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi, yuk va pochta tashuvlari bozorining 40 foizdan ortig‘ini egallaydi.