AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uydagi brifingda so‘zlagan nutqida Vashingtonda American Airline samolyoti va Black Hawk vertolyoti to‘qnashuvi oqibatida hech kim omon qolmaganini tasdiqladi. Uning so‘zlarini NBC News keltirmoqda.
Uning aytishicha, u yerda keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv operatsiyasi o‘tkazilib, barcha mavjud resurslar jalb qilingan.
“Bu poytaxtimizda va mamlakatimiz tarixida qorong‘i va iztirobli kecha bo‘ldi, dahshatli miqyosdagi fojia. Biz favqulodda bizdan tortib olingan har bir qimmatbaho jon haqida qayg‘uramiz”, — dedi Tramp.
Prezident, o‘z navbatida, amerikaliklarning halokatdan keyin parvoz qilishdan xavotirlanmasligi kerakligini aytdi, deb ta’kidladi CBC News.
“Ko‘p yillardan beri bunday hodisa sodir bo‘lmagandi va to‘qnashuv hech qachon takrorlanmasligini kutib qolamiz”, — dedi u va o‘zi uchishdan ikkilanmasligini qo‘shimcha qildi. “Uchish juda xavfsiz. Bizda dunyoning istalgan joyi tomon eng xavfsiz parvoz bor va buni shunday saqlab qolamiz”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.
- Amerika aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti va AQSh armiyasining Black Hawk vertolyoti havodagi to‘qnashuvdan so‘ng Potomak daryosiga quladi. To‘qnashuv 29-yanvar kuni kechqurun Vashingtondagi Ronald Reygan aeroporti yaqinida sodir bo‘lgan. Samolyot bortida 64 kishi bor edi: 60 yo‘lovchi va to‘rt ekipaj a’zosi. Vertolyotda esa kamida uch kishi bo‘lgani aytiladi.
- The Washington Post`ning yozishicha, 2023-yildan beri aeroport hududida harbiy vertolyotlarning samolyotlar bilan to‘qnashishi mumkin bo‘lgan bir nechta xavfli holatlar sodir bo‘lgan.
- O‘zbekiston prezidenti hodisa yuzasidan Donald Trampga ta’ziya yo‘lladi.