Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 24-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Mehnat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini konseptual jihatdan birinchi o‘qishda qabul qildi, deb xabar qildi parlament quyi palatasi matbuot xizmati.

Hujjat mehnat jarayonida bezorilik va zo‘ravonlikni taqiqlash va oldini olish, bezorilik va zo‘ravonlik qurbonlariga, shuningdek, bola tug‘ilishi munosabati bilan erkaklarga o‘rtacha ish haqi saqlanib qolgan holda qo‘shimcha ta’til berishni nazarda tutadi.

Xususan, ish beruvchilardan boshqa xodimni bezovta qilganlikda aybdor bo‘lgan xodimni boshqa ishga o‘tkazish yoki u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qonuniy asoslar taqdim etish so‘raladi.

Deputat Saydullo Azimovning bunda sud qarorisiz shaxsning aybsizlik prezumpsiyasi buzilmaydimi, degan savoliga javoban kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva ish beruvchi ushbu huquqdan kasaba uyushmasi tashkilotining xulosasi va xolis xizmat tekshiruvi asosida foydalanishi mumkinligini ta’kidladi. Shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlik qurboni ushbu faktni tasdiqlash uchun sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilsa, sud qaroriga asoslanish mumkin.

Deputat Jahongir Shirinov yana aybsizlik prezumpsiyasi haqida so‘radi. Vazirlik vakili tazyiq va zo‘ravonlik tushunchalari qonunga zid harakatlar sifatida Mehnat kodeksiga kiritilayotganini ta’kidladi.

“Bu yerda ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmagan, bu ish beruvchining majburiyati emas, balki huquqi sifatida kiritilgan. Mehnat kodeksida qonunga xilof harakatlar sodir etishda aybni tan olish tartibi mavjud. Xizmat tekshiruvi — mexanizmlardan biri. Tashkilotlarning ichki qoidalari bilan belgilab qo‘yilgan boshqa mexanizmlar ham bor”, — dedi u.

Bunday holatlar axloq komissiyasida yoki tashkilot kasaba uyushmasi vakili ishtirokida muhokama qilinadi.

Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov mehnat munosabatlarida tazyiq va zo‘ravonlik nimani anglatishini aniq belgilash zarurligini ta’kidladi.

Qonun loyihasida tazyiq yoki zo‘ravonlikka uchragan xodimlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish choralari ko‘zda tutilgan. Agar xodim bunday xatti-harakatlarning qurboni bo‘lsa, unga qo‘shimcha ta’til berilishi mumkin.

Bundan tashqari, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarni aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalari qatoriga kiritish va ularga ishga joylashish uchun qo‘shimcha davlat kafolatlarini berish taklif etilmoqda.

Shuningdek, bola tug‘ilganda otalar uchun besh kunlik haq to‘lanadigan ta’til joriy etish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda homilador va uch yoshga to‘lmagan bolasi bor ayollarni tungi ishlarga jalb etishga ularda bunday ish homilador ayol va bolaning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solmasligini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma bo‘lgandagina ruxsat etiladi. Shuningdek, ushbu tartibni otalarga (ota-onalar o‘rnini bosuvchi shaxslar) ham qo‘llash rejalashtirilgan.

“Bola otasi bilan yashaydigan holatlar mavjud. Ilgari erkaklar shu sabab xizmat safariga chiqa olmagani uchun bu qoidani joriy qilmoqdamiz”, — dedi bandlik vaziri o‘rinbosari Ra’no Turdiboyeva.

Qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilish uchun 111 deputat yoqlab ovoz berdi, 12 nafari qarshi, 6 nafari betaraf qoldi, 9 nafari esa ovoz bermadi.