Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent markazida noma’lum shaxslar qizni o‘g‘irlash maqsadida majburan mashinaga o‘tqazayotgani aks etgan video tarqaldi. Payshanba kuni poytaxt IIBB matbuot xizmati 2024-yil 1-noyabr kuni sodir bo‘lgan voqea tafsilotlarini ma’lum qildi.
Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 20 yoshli Indira ismli qizni 30 yoshli Amal ismli yigit va uch tanishi: Mixail, Usmon va Umid o‘g‘irlab ketgan. Bu jabrlanuvchining uyidan uncha uzoq bo‘lmagan joyda sodir bo‘lgan.
Videokuzatuv kameralari uch erkak qizni Cobalt’ga majburlab o‘tqazayotganini tasvirga olgan. Jabrlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, mashinani uning sobiq sherigi Amal boshqargan. Erkaklardan biri Mixail uning oyog‘idan chalgan, shundan so‘ng qiz yiqilgach, boshiga urgan va ko‘targan. O‘sha kundan boshlab qizning qo‘llarida chandiqlar bor va shu kungacha unda zarbadan bosh aylanishi kuzatiladi.
“Vzglyad.uz” nashri qizning tushuntirish xatidan parchalarni keltirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday holat birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Juftlik 2024-yil aprel oyida birga yashashni boshlagan. Oktabr oyida janjal paytida erkak qizning boshini shkafga urgan, oqibatda u hushini yo‘qotgan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam markaziga yotqizilganiga va tuman IIBga ariza berilganiga qaramay, o‘sha vaqtda holat yuzasidan ish ochilmagan. Ushbu voqeadan keyin o‘g‘irlash sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, erkak o‘shanda qizni mashinasiga o‘tqazib, tog‘ga olib ketgan va jinoiy qidiruv bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilganlarga qizning videosini jo‘natgan va “hammasi yaxshi” deyishga majburlagan.
2-noyabr kuni erkak o‘z otasi va qizning onasi ko‘z o‘ngida jabrlanuvchini pichoq bilan qo‘rqitgan va onasi qizini himoya qilmoqchi bo‘lib, pichoqni ushlab olganida, u ayolning barmoqlarini kesib yuborgan. Keyin qizni yana shahar tashqarisiga olib chiqqan — avval Angrenga, keyin Yangiyo‘lga, deyiladi tushuntirish xatida. U yerda qizning irodasiga qarshi nikoh marosimi o‘tkazilgan. Erkakning sherigi Mixail ochiqdan-ochiq uni o‘ldirish bilan tahdid qilgan, xabar berdi qiz.
Ertasi kuni qiz arizasini qaytarib olishga majbur qilingan, biroq keyinchalik u yana to‘rtta ariza bergan, yana qo‘rqitish tufayli qaytarib olgan. Ular boshni shkafga urish (2024-yil 17-oktabr), guruh bo‘lib o‘g‘irlash (2024-yil 1-noyabr), qotillikka urinish, barmoqlarini kesish va o‘g‘irlash (2024-yil 2-noyabrdan 5-noyabrgacha) va qizning telefon va hujjatlarini (ID karta) olib qolish (2024-yil 14-noyabr) bilan bog‘liq.
Nashrning yozishicha, 2025-yilning 27-yanvarida yana qiz o‘g‘irlangan. Ertasi kuni qiz bog‘lanib, yana “hammasi yaxshi”ligini aytgan. 29-yanvar kuni IIBB qiz hozirda himoyada ekani va u bilan psixologlar ishlayotganini ma’lum qildi.
IIBB xabariga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi (Odam o‘g‘irlash) va 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘g‘irlashda ishtirok etgan barcha shaxslar qo‘lga olindi. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Ish IIBB boshlig‘i nazoratida, deyiladi boshqarma xabarida.