O‘zbekistonda huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan jami 800 mingdan ortiq shaxslar ro‘yxati shakllantirildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova ma’lum qildi.

Uning aytishicha, 2023-yilning 30-mart kunidan mahalla yettiligining o‘ziga xos hamkorligida fuqarolarning ijtimoiy muammolarini mahallaning o‘zida hal etishga qaratilgan ijtimoiy profilaktika tadbirlari yo‘lga qo‘yilgan.

“Qisqa muddatda ushbu tizim o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatdi”, — dedi Muzifa Sultonova

Shunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabr kunidagi 801-sonli qarori qabul qilinib, bu qaror bilan Ijtimoiy profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishda, “mahalla yettiligi”ning har bir vakiliga aniq vazifa belgilanib, aholini ijtimoiy muammolarini hal etishga ko‘maklashuvchi subektlar biriktirilgan.

Natijada 2024-yil davomida profilaktika inspektorlari va mahalla vakillari tomonidan uyma-uy yurish orqali, huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan jami 800 mingdan ortiq shaxslar ro‘yxati shakllantirilgan, ularning 588 mingdan ortig‘iga xulosalar berilib, mahalla vakillari tomonidan 400 mingdan ortiq fuqarolarning muammolari ijobiy hal etilgan.

“Gazeta.uz” Muzifa Sultonovaga bu qanaqa ro‘yxat ekani, huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori degan jumla nimani anglatishi, bunday ro‘yxat tuzilishi o‘sha fuqarolarning huquqlarini poymol etishi yoki yo‘qligi, necha nafar fuqaro huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori deb topilganini so‘rab murojaat qildi.

Uning aytishicha, Vazirlar Mahkamasining 801-sonli qarori bilan belgilab o‘tilgan ijtimoiy profilaktika tadbirlari huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatishda amalga oshiriladigan tadbirlar majmui hisoblanadi.

Mazkur qaror bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, ijtimoiy profilaktika tadbirlari quyidagi shaxslarga nisbatan amalga oshiriladi:

a) huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli bo‘lgan shaxslar:

  • band bo‘lmagan yoki doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan ishsiz shaxslar;
  • spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki inson aql-irodasiga ta’sir etuvchi boshqa moddalarga qaram bo‘lib qolgan shaxslar;
  • qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga ruju qo‘ygan shaxslar;
  • g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslar;
  • qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar;
  • ishsiz yoshlar va maktab bitiruvchilari;
  • davlat ko‘magiga muhtoj “og‘ir” toifadagi yoshlar;
  • huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar;
  • ajrim yoqasiga kelib qolgan va nizoli oilalar;
  • yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar;
  • muntazam tazyiq va zo‘ravonlikka uchrab kelayotgan xotin-qizlar;
  • jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan va profilaktik hisobda turgan shaxslar;
  • og‘ir ahvolga tushib qolgan va og‘ir ahvolga tushib qolish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar;
  • tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan shaxslar;

b) huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli bo‘lgan shaxslar:

  • parvarishga muhtoj yolg‘iz keksalar;
  • nogironligi bo‘lgan va og‘ir kasallikka chalingan shaxslar.

Muzifa Sultonovaning qayd etishicha, bu ro‘yxatdagi shaxslarga faqat yordam ko‘rsatiladi. Mazkur ro‘yxatga tushgan fuqarolarning muammolari o‘rganilgan holda ijtimoiy moslashtirish dasturi ishlab chiqiladi hamda “mahalla yettiligi” vakillari tomonidan ularning muammolarini hal etish choralari ko‘riladi.

“Bu orqali fuqarolarning huquqlari poymol etilmaydi, aksincha, „mahalla yettiligi“ vakillari tomonidan o‘zi xizmat olib boruvchi mahallada yashovchi shaxslarning ijtimoiy muammolarini hal etish orqali sog‘lom turmush tarziga qaytarishga qaratilgan chora-tadbirlar [ko‘riladi], ya’ni ularga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatiladi”, — deya ta’kidladi u.

Muzifa Sultonova, shuningdek, AOKAda o‘tkazilgan brifingda prezidentning 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishini aytdi.

Mazkur qaror bilan mas’ul idora va tashkilot vakillarining mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ustuvor vazifa etib belgilangan. Shuningdek, mahallalarda huquqbuzarliklarni barvakt oldini olishga qaratilgan manzilli chora tadbirlar dasturi tasdiqlangan va har chorakda viloyat, tuman va mahalla darajasidagi “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi belgilab qo‘yilgan.

Xususan, Bosh prokuratura huzurida respublika, shuningdek hududiy va tuman-shahar darajasida idoralaroro muvofiqlashtiruvchi shtablar tashkil etilgan va ular tomonidan qaror bilan belgilangan “yo‘l xaritalari”ning viloyat, tuman-shahar va mahallalar darajasida ijrosi elektron va ishchi guruhlar tomonidan joyilarga chiqqan xolda o‘rganish ishlari amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, qaror bilan 2025-yilda Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatлaриning kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 419 ta mahallalarini o‘z ichiga qamrab oladigan 84 ta mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, keyinchalik bu tizim boshqa hududlarga ham tadbiq etiladi.

Mahalla huquq-tartibot maskanlarida ichki ishlar organlarining sohaviy xizmatlari, Milliy gvardiyaning psixolog-inspektorlari hamda tezkor harakatlanuvchi guruhlar hamkorligida xizmat olib boradi, jamoat havfsizligini ta’minlash va jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha tezkor harakatlanish tizimi joriy etiladi. Maskanda profilaktika bosh va kichik inspektorlari lavozimlari joriy etilib, bevosita rahbar etib profilaktika bosh inspektori belgilanadi.

Shuningdek, mahalla huquq-tartibot maskaniga 5 tagacha mahalla biriktirilib, bosh inspektorga mahalla biriktirilmaydi, u mahallalarda jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha kunlik ishni samarali tashkil etish hamda maskan faoliyatiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan mas’ul deb belgilangan.

Bundan tashqari, mehnat migrasiyasidan qaytib kelgan fuqarolar, maktab bitiruvchilari hamda talabalar bilan ijtimoiy profilaktika choralari doirasida mahallalarda manzilli ishlarni tizimli amalga oshirish maqsadida, huquq-tartibot maskanida profilaktika kichik inspektorlari lavozimlari joriy etilib, ular tomonidan migratsiyada yurgan va qaytib kelgan fuqarolarning ijtimoiy muammolarini hal etish va bandligini ta’minlash maqsadida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari tarkibida migratsion profilaktika guruhlari tashkil etilib, ular mas’ul idoralar bilan hamkorlikda migratsion prfilaktika chora-tadbirlari bilan shug‘ullanadi.

Qarorga binoan, aholi murojaatlari bilan samarali ishlash, har qanday huquqbuzarlik uchun jazo muqarrarligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini to‘liq himoya qilish maqsadida ma’muriy amaliyot guruhlari tashkil etilib, ularga bu yo‘nalishda kunlik tahlilni yuritish, sud va boshqa tegishli organlar bilan taqqoslov ishlarini amalga oshirish vazifasi yuklatilib, bu borada ular qarolarni qabul qilish va ichki ishlar organlariga kelib tushgan murojaatlar belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilishini ta’minlaydi.

Yo‘l-transport hodisalarini oldini olish borasida asosiy e’tibor yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, piyodalar va haydovchilar madaniyatini oshirishga qaratiladi.

Probatsiya nazoratidagi shaxslar bilan ishlashda ham asosiy e’tibor ular ijtimoiy moslashtirishga qaratiladi, ya’ni ularning bandligini ta’minlash, kichik biznesga, xususiy tadbirkorlik va hunarmandchilikka jalb etish choralari ko‘riladi.