HAMAS 30-yanvar kuni guruh va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim doirasida uch nafar isroillik garovga olinganlarni va besh nafar tailandlik fuqaroni Qizil xochga topshirdi, deb xabar bermoqda CNN va The Times of Israel. Ular G‘azoda 482 kun asirlikda bo‘ldi.

Barcha ozod qilinganlar allaqachon Isroil hududida. Tailand fuqarolari mamlakat hukumati vakillariga topshiriladi, deya aniqlik kiritdi Isroil Mudofaa armiyasi.

Isroil tomonining ma’lumotlariga ko‘ra, asirlikdan qaytgan isroilliklarning uch nafari — harbiy xizmatchi Agam Berger (20 yosh), Nir-Oz Arbel Yehud (29) va Gadi Mozes (80). Isroil, shuningdek, Tailand fuqarolarining ismlarini ham tilga oldi: Pongsak Tanna, Satyan Suvannakham, Vatchara Sriuan, Bannavat Sitho i Surasak Lamna.

CNN va The Times of Israel nashrlarining xabar berishicha, Xon Yunusdagi ozod qilish jarayoni tartibsiz ravishda kechgan. Garovga olinganlar atrofida olomon to‘plangan, qurollangan guruh a’zolari ularni shu olomon orasidan olib o‘tishgan.

Bunga javoban Isroil 110 nafar falastinlik mahbusni ozod qilishi kerak edi, ammo mamlakat hukumati garovga olinganlarning “xaotik topshirilishi”ga qarshi norozilik belgisi sifatida jarayonni kechiktirdi.

“Ozod qilish paytida olingan hayratlanarli kadrlarga juda jiddiy qarayman. Bu HAMAS terrorchilik tashkilotining aql bovar qilmaydigan shafqatsizligining yana bir isbotidir. Men vositachilardan bunday tahdidlar boshqa takrorlanmasligini kafolatlashni va o‘g‘irlanganlarning xavfsizligini ta’minlashni talab qilaman”, — dedi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu.

  • Isroil va HAMAS Qatar, AQSh va Misr vositachiligida 17-yanvar kuni yarashuv va garovga olinganlarni ozod qilish to‘g‘risida bitim tuzgandi. Bitim uch bosqichni o‘z ichiga oladi, ularning birinchisi 42 kun davom etadi. Bu davrda HAMAS barcha ayollar (askarlar va fuqarolar), bolalar va 50 yoshdan oshgan erkaklarni o‘z ichiga olgan 33 nafar garovga olinganlarni ozod qiladi. Buning evaziga Isroil yuzlab falastinlik mahbuslarni qamoqdan chiqaradi va o‘z qo‘shinlarini olib chiqadi.
  • Uch nafar garovga olinganlar ozod qilingan ayirboshlashning birinchi raundi 19-yanvar kuni, ikkinchisi esa 25-yanvarda bo‘lib o‘tdi. Shunday qilib, HAMAS to‘rt kishini ozod qildi. Isroil hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘irlab ketilgan 33 kishidan sakkiz nafari halok bo‘lgan.