Toshkent shahrining Shota Rustaveli ko‘chasida aholisi ko‘chirilgan 22-sonli turar joy binosi Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Madaniy meros agentligi binoning buzilishi haqida tarqalgan yangi xabarlarga munosabatida ma’lum qildi.

“Bino Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatidan o‘rin olmagan. Biroq hozirda uni mazkur reyestrga kiritish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.

O‘rganishlar yakuniga yetgach mazkur masala agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi e’tiboriga ko‘rib chiqish uchun havola etiladi, deya ta’kidladi agentlik.

Toshkent shahri hokimligining ma’lumotlariga ko‘ra, “ayni paytda 22-sonli uyni buzish to‘g‘risida rasmiy qaror qabul qilinmagan”.

“Tarixiy va madaniy qiymatga ega obyektlarga nisbatan har qanday xatti-harakatlar ixtisoslashgan idoralar tomonidan puxta tahlil qilinib, kelishilganidan so‘nggina amalga oshiriladi”, — deya eslatdi agentlik.

“Ushbu obyekt maqomi bilan bog‘liq barcha o‘zgarishlar rasman e’lon qilinadi”, — deyiladi #MerosniSaqlaymiz #Toshkent #MadaniyMeros heshteglari keltirilgan bayonotda.

22-уй, madaniy meros, тошкент, шота руставели

“Gazeta.uz” bir yil avval vaziyat haqida batafsil yozgan edi. 1956-yilda qurilgan to‘rt qavatli “stalinka” binosi o‘rnida yangi inshoot qurilishi mumkinligi haqidagi dastlabki xabarlar 2023-yil oktabr oyida paydo bo‘lgan. Mahalliy aholi aksariyat kvartirlar allaqachon sotib olinganini ma’lum qilgan. Biroq kvartiralarni sotib olish bo‘yicha muzokaralarni kim olib borgani noma’lum edi.

Shahar va tuman hokimliklari o‘sha paytda binoni buzish va yangi inshoot barpo etish haqida qaror qabul qilinmaganini, shuningdek, buzish va qayta qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanmaganini ma’lum qilgan.

Binoning birinchi qavatida “ChayKof” qahvaxonasi filiali va boshqa tijorat obyektlari hanuzgacha faoliyatini davom ettirmoqda.

2020-yilda Oqqo‘rg‘on, Bobur, Navoiy va Shota Rustaveli ko‘chalari bo‘ylab joylashgan tarixiy binolarning to‘liq ansambllarini O‘zbekistonning Madaniy merosi davlat reyestriga kiritishni so‘rab mamlakat me’moriy merosini asrab-avaylash bo‘yicha tashabbus guruhi mas’ul mutasaddilarga murojaat qilgan. Xatda reyestrga kiritish taklif qilinayotgan respublika ahamiyatiga molik obidalar, tarixiy ko‘chalardagi binolar va ansambllar ro‘yxati (58 punkt) sanab o‘tilgan.