O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-yanvar kuni Vashington shahridagi Ronald Reygan nomidagi aeroport hududida yuz bergan fojiali aviahalokat yuzasidan AQSh prezidenti Donald Trampga ta’ziya maktubi yo‘lladi.
Davlat rahbari matbuot kotibining yozishicha, prezident marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga, butun Amerika xalqiga chuqur hamdardlik izhor etgan.
Eslatib o‘tamiz, American Airlines`ning Bombardier CRJ700 samolyoti 60 nafar yo‘lovchi bilan halokatga uchradi. U Vashingtonning Reygan nomidagi milliy aeroporti yaqinida AQSh armiyasi vertolyoti bilan to‘qnashib, Potomak daryosiga qulab tushdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotda 60 nafar yo‘lovchi va 4 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Vertolyotda kamida uch kishi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Daryoda qutqaruv ishlari olib borilmoqda, suvdan ko‘plab jasadlar chiqarib olingani haqida xabarlar mavjud.
Rasmiylar bortdagilarning birortasi omon qolmagan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, favqulodda vaziyatlar organlari hozirgacha 28 kishining jasadini topgan.
Samolyot bortida figurali uchish bo‘yicha hamjamiyatning bir nechta a’zolari bo‘lgan, deyiladi AQSh figurali uchish tashkiloti bayonotida. Bundan mustaqil ravishda, Rossiya davlat axborot agentligi samolyotda figurali uchish bo‘yicha rossiyalik ikki nafar jahon chempioni bo‘lganini aytdi.