2024-yilda O‘zbekistonda inflyatsiyani hisobga olmagan holda o‘rtacha hisoblangan nominal ish haqi yillik ko‘rsatkichda 17,4% (2023-yilga nisbatan) — 4,56 million so‘mdan 5,36 million so‘mga o‘sdi, deyiladi prezident huzuridagi Statistika agentligi hisobotida.
O‘tgan yildagi inflyatsiyani (9,8%) hisobga olgan holda ish haqining real o‘sish sur’ati 6,9% ni tashkil etdi.
O‘sish avvalgi yillarga nisbatan biroz sekinlashdi. Taqqoslash uchun: 2023-yilda nominal ish haqi 17,5% (inflyatsiya 8,8%) oshgan, 2022-yilda — 20,7% (12,2%), 2021-yilda — 20,2% (10%), 2020-yilda — 15% (11,1%), 2019-yilda — 27,5% (15,2%), 2018-yilda — 25% (14,3%).
Yil | Nominal ish haqining o‘sish sur’atlari | Inflyatsiya | Ish haqining real o‘sish sur’atlari |
2018 | 25 | 14,3 | 9,4 |
2019 | 27,5 | 15,2 | 10,7 |
2020 | 15 | 11,1 | 3,5 |
2021 | 20,2 | 10 | 9,3 |
2022 | 20,7 | 12,2 | 7,6 |
2023 | 17,5 | 8,8 | 8,0 |
2024 | 17,4 | 9,8 | 6,9 |
Manba: Statistika agentligi / “Gazeta.uz” hisob-kitoblari
Nominal hisoblangan ish haqi — bu jismoniy shaxslarga ish haqi ko‘rinishida pul shaklida hisoblangan daromadlar bo‘lib, ular soliqlar va boshqa to‘lovlarni (ustamalar, mukofotlar, mukofot pullari, kompensatsiyalar, ortiqcha ishlagan soatlar uchun to‘lovlar) o‘z ichiga oladi. Ushbu ish haqi ish beruvchi tomonidan xodimning muayyan vaqt davridagi (soat, oy, yil) bajarilgan ishi yoki ko‘rsatilgan xizmati uchun hisoblab chiqiladi.
Hududlar kesimida eng yuqori o‘rtacha nominal ish haqi Toshkent shahrida saqlanib qoldi. Yillik hisobda 21,4% (2023-yildagi 22,3% ga nisbatan) — 8,12 million so‘mdan 9,07 million so‘mga o‘sdi.
Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati — o‘sish 5,89 mln dan 6,77 mln so‘mgacha (15,1% ga nisbatan +15%), Toshkent viloyati — 4,53 mln dan 5,1 mln so‘mgacha (14,5% ga nisbatan +12,2%), Andijon viloyati — 3,98 mln dan 4,62 mln so‘mgacha (17,3% ga nisbatan +14,9%) va Buxoro viloyati — 3,88 mln dan 4,34 mln so‘mgacha (17% ga nisbatan +12%).
Nominal o‘rtacha ish haqi bo‘yicha oxirgi o‘rinni Qashqadaryo viloyati egallab turibdi — 3,37 mln dan 3,78 mln so‘mgacha oshdi (14,5% ga nisbatan 12,2%).
Eng past ko‘rsatkichlar ushbu viloyatlarda ham kuzatilmoqda: Surxondaryo — 3,81 mln so‘m (+12,4%), Namangan — 3,87 mln so‘m (+16,5%), Farg‘ona — 3,96 mln so‘m (+15,1%), Jizzax — 3,98 mln so‘m (+14,5%).
Poytaxt va hududlar ish haqlari o‘rtasidagi farq kengayishda davom etmoqda. Xususan, eng yuqori (Toshkent) va eng past (Qashqadaryo) ish haqlari o‘rtasidagi farq 2,25 dan 2,4 baravargacha oshdi. 2022-yil oxirida bu ko‘rsatkich 2,18 baravarni tashkil qilgan, 2021-yilda — 2,06 baravar, 2020-yilda — 1,97 baravar.
Faoliyat turlari bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha ish haqi bank, moliya va sug‘urta sohalarida saqlanib qolmoqda — garchi o‘sish sur’ati pasaygan bo‘lsa-da (23,7% ga nisbatan 14,3%), ular yil davomida 13,32 mln dan 15,26 mln so‘mgacha o‘sdi.
Axborot va kommunikatsiyalar sohasida 24,2% — 10,6 mln dan 13,16 mln so‘mgacha (2023-yilda o‘sish 40,1% ni tashkil etgan) oshdi, tashish va saqlashda — 6,94 mln dan 8,11 mln so‘mgacha (33,7% ga nisbatan 18,5%), sanoatda — 5,65 mln dan 6,44 mln so‘mgacha (15,3% ga nisbatan 13,8%).
Ish haqi bo‘yicha savdo qurilish sektorini ortda qoldirdi — 5,97 mln so‘mga (+15,3%) nisbatan 6,23 mln so‘m (+24,6%).
Eng past o‘rtacha oylik ish haqi sog‘liqni saqlash sohasida saqlanib turibdi — 3 mln so‘mdan 3,41 mln so‘mgacha (+13,5%, 2023-yilda — 15,5%), ta’lim sohasida — 3,12 mln dan 3,64 mln so‘mgacha (+16,4%, 16,3%).
O‘qituvchilar va shifokorlar ish haqining o‘sish sur’ati deyarli o‘zgarmadi, lekin ular respublika bo‘yicha o‘rtacha darajadan past (17,4%) ekani sababli ushbu sohalardagi ish haqi va respublika darajasi o‘rtasidagi tafovut oshdi.
Xususan, agar 2022-yilda ta’lim sohasida ish haqi respublika darajasidan 30,8 foiz punktiga past bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yil yakunida sog‘liqni saqlash sohasida bu farq 33 dan 36,3 foiz punktiga ko‘tarildi.
Noyabr oyi oxirida deputat Qizilgul Qosimova ta’lim va tibbiyot xodimlarining maoshi pastligi ushbu sohalardagi xizmatlar sifatiga ta’siri qilishidan xavotir bildirgandi. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov bu masala hamon murakkabligicha qolayotganini ta’kidlagan.
“Ish haqining qanchasi ko‘p yoki qanchasi kam ekanining o‘zi ham juda murakkab savoldir. Ehtimol, shifokorlarni sertifikatlash, ularning malakasini baholash kerakdir. Bu yil o‘qituvchi va shifokorlarning ish haqi 15 foizga oshdi. So‘nggi 6−7 yil ichida barcha sohalarda ish haqi sezilarli darajada o‘sdi. Lekin prezidentimiz bu miqdor yetarli emas deyaptilar. Bu ham o‘qituvchilar, ham sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari uchun tegishli”, — degandi u.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbari “ish haqini oshirish samaradorligi” masalasini murakkab deya baholagan.
“Savol shundaki, agar biz barcha xodimlarning ish haqini 15 foizga, 40 foizga yoki 50 foizga oshirsak, bu kutilgan natijani beradimi? Zamon bilan hamnafas, yuqori malakali, o‘z ishini sidqidildan bajarayotgan tibbiyot xodimlarining oylik maoshini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Ochig‘ini aytsam, hozir bizda yechim yo‘q, aks holda buni aytgan bo‘lardik. Biz buning ustida ishlayapmiz. Men o‘z fikrimni tushuntirishga harakat qilaman. Asosiy muammo kimga va nima uchun yuqori maosh to‘lash kerakligini aniqlashdir. Bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz”, — degandi Jamshid Qo‘chqorov.