Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘lini davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish yuzasidan tender e’lon qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Transport vazirligi va Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi orqali Toshkent-Andijon (1-bosqich) pulli avtomobil yo‘lini davlat-xususiy sheriklik asosida loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Loyihaning 1-bosqichi umumiy uzunligi 171 kilometrni tashkil etib, Toshkentdan Angrengacha bo‘lgan avtomobil yo‘li va Qamchiq dovonini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Loyiha konsepsiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2025-yil 21-yanvarda tasdiqlangan.

Hukumat Jahon banki ko‘magida xususiy sherikni tanlashga yordam berish uchun loyihaning maslahatchisi sifatida “Arup and Partner’s” (Buyuk Britaniya), “PWC” va “CMS Cameron” (Buyuk Britaniya) konsultantlar konsorsiumini jalb qilgan.

Qayd etilishicha, hukumat tenderda g‘olib bo‘lgan ishtirokchini tanlov asosida tanlash va uzoq muddatli DXSH bitimini imzolashni rejalashtirmoqda. Tender DXSH to‘g‘risidagi qonunga muvofiq ikki bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqichda xususiy kompaniyalar dastlabki malakalashdan o‘tish uchun hujjatlarini topshiradi. Ikkinchi bosqichda dastlabki saralashdan o‘tgan kompaniyalar loyiha bo‘yicha texnik va moliyaviy takliflarini taqdim etadi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi yo‘l qurilish sohasida DXSH loyihalarida tajribaga ega bo‘lgan barcha qiziquvchilarga 2025-yil 21-aprel kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha dastlabki malakani saralash bosqichi uchun hujjatlarini topshirishni taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 10-oktabr kuni transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li bo‘yicha Jahon banki bilan ishlab chiqilgan loyihaning asosiy jihatlari to‘g‘risida ma’lumot bergandi. Vazir o‘rinbosari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lning 64 foizi yangi qurilishi, 36 foizi esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. Uzunligi 314 kilometr bo‘lgan I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘ladi. Yo‘lning qurilish muddati 6 yil 3 oyni tashkil etadi.

Jarayon uch bosqichdan iborat bo‘ladi: birinchi bosqichda Toshkent-Angren (78 km), ikkinchi bosqichda Angren-Pop (93 km), uchinchi bosqichda esa Pop-Andijon (143 km) qismlari quriladi. Yo‘l sement-beton qoplamali bo‘ladi.

Pulli yo‘lda jami 102 ta sun’iy tuzilma qurilishi kutilmoqda. Undagi yo‘lo‘tkazgichlarning jami uzunligi 1122 metrga yetadi. Yo‘lda jami 10 ta tunnel bo‘lishi va ularning umumiy uzunligi 33 kmga yetishi kutilmoqda. Eng uzun tunnel 6787 metrni tashkil etadi.

Mazkur yo‘l qurilishi Toshkentdan Andijonga safar qilish vaqtini hozirgidan 2 soat 14 daqiqaga kamaytirish imkonini beradi. Loyiha qiymati 4,28 mlrd (2023 nominal narxida) dollarni tashkil etadi. Mazkur yo‘l qurilishi bo‘yicha davlat-xususiy sherikchilik kelishuvi 49 yil muddatga amal qiladi.

pulli avtomobil yo‘li, tender, тошкент-андижон

Loyihalarni investitsiya oldidan o‘rganish va tender jarayonlarida bitimlar bo‘yicha maslahat berish yuzasidan Ove Arup and Partners International Limited, PricewaterhouseCoopers Central Asia and Caucasus BV va CMS Cameron Mc Kenna Nabarro Olswang LLP qo‘shma korxonasi bilan umumiy qiymati 6,78 mln dollarlik shartnoma imzolangan.

Transport vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yo‘l qurilishi bo‘yicha boshqa ma’lumotlar loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgach ma’lum bo‘ladi. Tender o‘tkazilib, TIA ishlab chiqilgach, ba’zi detallar o‘zgarishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, may oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumida Jasurbek Choriyev Toshkent-Andijon yo‘nalishidagi pulli avtomobil yo‘lining narxi 4,65 mlrd dollarga baholanayotganini ma’lum qilgandi.

Oktabr oyida loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash, 2025-yil mart oyida tenderning birinchi, oktabrda esa ikkinchi bosqichini o‘tkazish, 2026-yil aprelida g‘olibni e’lon qilish va u bilan DXSH shartnomasini tuzish rejalashtirilgan.

30-avgust kuni imzolangan prezident qarori bilan 2024−2026-yillarda ustuvor davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangandi. Hujjatga ko‘ra, Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘lini qurish 2026-yilda boshlanishi lozim. Shu tariqa yo‘l qurilishi 2032-yilga borib yakunlanishi mumkin.