Turli sabablarga ko‘ra AQSh prezidenti Donald Trampni g‘azablantirgan amerikalik rasmiylar va boshqalar u va uning tarafdorlari ularga va’da qilgan qasosga hozirlik ko‘rmoqda, deb yozdi jurnalistlari yigirmadan ortiq odam bilan suhbatlashgan Washington Post.

Nishonga olinishdan qo‘rqayotganlar orasida saylovlar uchun javobgar bo‘lgan mansabdor shaxslar, prokurorlar, hozirgi va sobiq amaldorlar, faollar, Trampning birinchi ma’muriyatida ishlaganlar va Trampning FBR rahbarligiga nomzodi Kesh Patel tomonidan tuzilgan prezidentning taxminan dushmanlari ro‘yxatidan o‘rin olganlar bor.

Gazeta suhbatdoshlariga ko‘ra, ular jinoiy ta’qibga, soliq tekshiruviga, Kongress yoki shtat qonun chiqaruvchi organlari tomonidan tekshirilishga, hibsga olish, onlayn tazyiq va jismoniy tahdidlarga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yarmidan ko‘pi advokat yollayotganini aytdi, bir necha kishi tezda mamlakatni tark etishga to‘g‘ri kelib qolishi mumkinligi uchun sayohat sumkalarini tayyorlagan, bir necha kishi esa yaqinda sotib olgan qurollarini olib yuribdi.

Hali ham davlat lavozimlarida qolayotganlar esa hukumatdan chaqiruvnoma olish uchun xodimlarini tayyorlamoqda. O‘ndan ortiq odam turmush o‘rtog‘i yoki farzandlari bilan ularning uyiga politsiya kelsa, nima qilish kerakligi haqida gaplashgan.

Nashrning ba’zi suhbatdoshlari chat-guruhlar ochib, bir-birlariga hamdardlik izhor qilmoqda va advokatlarning aloqa ma’lumotlarini almashmoqda.

WP’ning yozishicha, 2020-yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashgan amaldorlar o‘zlarini eng ko‘p xavf ostida his qilmoqda. O‘shanda Tramp demokrat nomzod Jo Baydenni tan olgan, biroq ovoz berish natijalarini tan olmagan va asossiz ravishda ular o‘g‘irlanganini da’vo qilgandi.

Saylov tashkilotchilari milliy assotsiatsiyasining bosh dastur direktori Temmi Patrikning so‘zlariga ko’ra, hukumatning barcha darajalaridagi amaldorlardan tortib saylov uskunalarini yetkazib beruvchilargacha o‘zlarini Tramp qasos olishi uchun potensial nishon sifatida ko‘rmoqda.

Saylov kampaniyasi boshlanganidan beri Tramp tarafdorlariga “ularning dushmani” ekanini aytib, Jo Bayden va sobiq vitse-prezident Kamala Harris va uni tergov qilgan prokurorlarini jinoiy javobgarlikka tortishga va’da berib kelgan. Tramp lavozimga kirishganidan beri qilgan harakatlari uning qasos olish va’dalarini bajarishi mumkinligi haqidagi qo‘rquvni kuchaytirdi, deya qayd etadi WP.

O‘tgan dushanba kuni Adliya vazirligi Trampni jinoiy javobgarlikka tortgan o‘ndan ortiq prokurorni ishdan bo‘shatdi. Shuningdek, Tramp o‘zining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton va sobiq davlat kotibi Mayk Pompeoni Eron tahdidlariga qaramay Maxfiy xizmat himoyasidan mahrum qildi.

Oq uy qo‘rquvni asossiz deb atadi. “Prezident Tramp bir necha bor qasosi muvaffaqiyat bo‘lishini aytdi va u so‘nggi buyruqlari bilan hukumatni qurollantirishga chek qo‘ydi”, — dedi prezident matbuot kotibi o‘rinbosari Anna Kelli.

Oq uyni tark etishdan oldin Bayden bir qator taniqli Tramp tanqidchilarini ehtimoliy jinoiy ta’qiblardan himoya qilish uchun avf etgandi. Ular orasida AQSh Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasining sobiq rahbari, general Mark Milli, olim Entoni Fauchi, 6-yanvar kungi Kapitoliyga bostirib kirilishini tergov qilgan Kongress qo‘mitasi a’zolari, shuningdek, Bayden oilasi a’zolari bor.

Biroq ro‘yxatga Tramp yoki uning ittifoqchilari tomonidan tahdid yoki ta’qibga uchragan quyi darajadagi amaldorlar kiritilmagan, deb yozdi WP. Ularning aksariyati siyosiy aloqalarga ega emas, ko‘plari, shuningdek, afv so‘rashga urinmaganini ham aytgan.