AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati ikki millionga yaqin davlat xizmatchisiga sentabr oyi oxirigacha maosh to‘lash evaziga ishdan ketishni taklif qildi. Shu tariqa Oq uy federal ishchi kuchini sezilarli darajada qisqartirishga va Trampning siyosiy dasturini qo‘llab-quvvatlamaydiganlarni quvib chiqarishga harakat qilmoqda, deb yozdi New York Times va Washington Post.

Oq uyning Kadrlar siyosati boshqarmasi bir kun avval hukumat xodimlariga shunday taklif bilan elektron pochta xabarini yubordi. Ushbu imkoniyatdan foydalanmoqchi bo‘lgan xodimlar 6-fevralgacha xabardor qilishi kerak. Taklifni qabul qilganlar “zudlik bilan qayta tayinlanadi yoki tugatiladi” va keyin 30-sentabrgacha yoki o‘zlari tanlagan ertaroq sanaga qadar pullik ta’tilga jo‘natiladi.

Xatda aytilishicha, aksariyat federal agentliklar qisqartirilishi mumkin, ko‘p sonli xodimlar pulsiz ta’tilga chiqariladi yoki ishdan bo‘shatishni osonlashtiradigan “o‘z xohishiga ko‘ra” statusiga o‘tkaziladi. Bundan tashqari, masofadan turib ishlagan aksariyat davlat xizmatchilari haftasiga besh kun ofisga kelishi kerak bo‘ladi, ayrim idoralarni esa birlashtirish rejalashtirilgan.

Xabarda, shuningdek, ishchilarning “ishonchli va sodiq” bo‘lishini ta’minlash uchun “takomillashtirilgan xulq-atvor standartlari” joriy etilishi aytilgan.

“Biz hozircha sizning lavozimingiz yoki bo‘limingiz aniqligi bo‘yicha to‘liq kafolat bera olmaymiz, lekin agar lavozimingiz bekor qilinsa, sizga hurmat bilan munosabatda bo‘linadi va bunday lavozimlar uchun taqdim etilgan himoya bilan ta’minlanasiz”, — deyiladi “Yo‘ldagi burilish” (Fork in the Road) deb nomlangan xatda.

NYT Oq uy qarorini “byurokratiyaga to‘g‘ridan hujum” bilan qiyosladi va Tramp “o‘z hokimiyati chegaralarini” sinab ko‘rayotganini va davlat xizmatini siyosiy aralashuv va bosimdan himoya qilgan qoidalarni chetlab o‘tishga harakat qilayotganini ta’kidladi.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Tramp ma’muriyati amalda barcha davlat xizmatchilariga pullik ma’muriy ta’til taklif qilishda qaysi vakolatga tayanayotgani noma’lum. Qonunga ko‘ra, gazetaning tushuntirishicha, hech bir xodim, “yetti oy uyoqda tursin”, yiliga 10 kundan ortiq ma’muriy ta’tilda bo‘lishi mumkin emas.

Ba’zi ishchilar, jumladan, harbiy xizmatchilar, pochta xizmati xodimlari, immigratsiya rasmiylari va ayrim milliy xavfsizlik amaldorlariga ishdan bo‘shatish ta’sir qilmaydi.

Sentabrgacha ish haqi evaziga iste’foga chiqish taklifi milliarder Tramp maslahatchisi Ilon Mask boshchiligidagi Hukumat samaradorligi departamentining maqsadlarini aks ettiradi. Mask avvalroq federal xodimlarni “keng tarzda qisqartirish”ga chaqirgan edi. Shuningdek, tadbirkor o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ushbu taklifga munosib bo‘lgan ishchilarning 5 dan 10 foizigacha bo‘lgan qismi undan foydalanishini ta’kidlagan. Kadrlar siyosati boshqarmasi vakilining aytishicha, ma’muriyatda ishdan bo‘shaydiganlar soni bo‘yicha aniq maqsad yo‘q.

Agar oz sonli ishchilar ham kompensatsiyaga rozi bo‘lsa, bu iqtisodiyotga zarba berishi va jamiyatda keng ko‘lamli buzilishlar keltirib chiqarishi mumkin, deb ta’kidlamoqda Associated Press. Veteranlar bo‘yicha tibbiyot xodimlari, jismoniy shaxslar va kichik biznes uchun kreditlarni rasmiylashtiradigan mansabdor shaxslar, harbiy qurol pudratchilari va oziq-ovqat va suv ta’minotini tekshiradigan tajribali inspektorlar o‘z ishini tark etishi mumkin. Davlat xizmatlarining o‘z vaqtida ko‘rsatilishi va samaradorligi butun mamlakat bo‘ylab zarar ko‘rishi mumkin va hozircha bu zarar qay darajada bo‘lishi noma’lum, deb yozdi agentlik.