Toshkentda qurilishi yakunlanayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi “nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi"ga aylanishi kerak. Bu haqda chorshanba kuni markazga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoyev aytib o‘tdi.
Majmua davlat rahbarining 2017-yil 23-iyundagi qarori asosida qurilmoqda. 2018-yilning Ramazon hayiti kuni prezident uning poydevoriga tamal toshi qo‘ygandi.
Markaz binosi uch qavatdan iborat bo‘lib, qadimiy me’morchilik yodgorliklari uslubida yaratilgan. Majmuaning to‘rt tomonida balandligi 34 metrli peshtoqlar, o‘rtada 65 metrli gumbaz qurilgan.
Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali bo‘ladi. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi — qadimiy Usmon Mushafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitob nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi. Jahondagi eng nodir qo‘lyozma Qur’onlardan namunalar ham o‘rin oladi.
“Xalqimizning boy va betakror merosiga oid ko‘p kitoblar, turli o‘lkalarga sochilib ketgan qo‘lyozmalar, noyob ma’lumotlar, san’at asarlari, afsuski, bizga noma’lum edi. Mana shu markaz sabab bo‘lib tarixni o‘rganishda katta qadamlar qo‘ydik, yangi manbalar yuzaga chiqdi. Endi bularning ta’siri, natijasi qanday bo‘ladi? Ularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy iste’molga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targ‘ib qilish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Majmuada “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans davri”, “Ikkinchi Renessans davri”, “O‘zbekiston XX asrda”, “Yangi O‘zbekiston — yangi Renessans” kabi bo‘limlar tashkil etiladi.
Mazkur davrlar tarixi turli ashyolar, qo‘lyozma manbalar, suratlar va multimedia vositalari orqali namoyish etilgan. Xorazmiy, Farg‘oniy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Ali Qushchi kabi alloma va mutafakkirlarning serqirra faoliyati haqida ma’lumot berilgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband, Xo‘ja Ahror Valiy kabi ulamolarning islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritilgan.
Ilm-fan va san’atga homiylik qilgan o‘tmishning yetuk ayollari — Bibixonim, Xonzodabegim, Gavharshodbegim, Gulbadan, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin kabilarga alohida bo‘lim bag‘ishlangan.
“Islom sivilizatsiyasining, islom ta’limotining zamini — aslida ilm-fan, madaniyat, ta’lim va tarbiyadir. Biz barpo etayotgan markazning bosh g‘oyasi, asosi ham shu. Eng muhim tomoni — yurtimizdagi islom madaniyati bilan bog‘liq bir necha ming yillik qadimiy o‘tmish bir joyda — mana shu majmuada mujassam bo‘ladi. Markaz bilan tanishgan odam ana shu tarixni yaqqol ko‘rib, islom dini, bu avvalo, tinchlik, taraqqiyot va bag‘rikenglik dini ekanini, o‘zbek xalqining dunyo tamadduniga qo‘shgan buyuk hissasini anglaydi”, — dedi prezident.
“Nasib etsa, bu majmua o‘zimizning me’moriy tajribamiz, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlik maktabi, ilmiy-ma'naviy salohiyatimiz ramzi sifatida tarixga kiradi. Har bir bo‘limning mazmun-mohiyati ayni shu maqsadga qaratilishi lozim. Chet eldagi mashhur muzey va kutubxonalar, nufuzli mutaxassislar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, kitoblar, maqolalar nashr etilayotgani e’tiborga loyiq. Bu ishlar doimiy va ilmiy asosga ega bo‘lishi uchun ishni rejali tashkil qilish kerak. Bosh maqsadimiz — milliy o‘zligimizni anglash va anglatish”, — ta’kidladi davlat rahbari.