1-iyundan boshlab O‘zbekiston davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida yuk tashishda elektron navbat tizimi ishga tushirilishi kerak. Bu prezidentning 27-yanvardagi transport-logistika tizimini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Prezident 11-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda elektron navbat tizimini joriy etish orqali xorijdan yuk tashish hajmini oshirish, chegaradan o‘tish vaqtini 40 daqiqadan 20 daqiqaga qisqartirish, avtotransport vositalarini onlayn nazorat qilishni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Qaror bilan O‘zbekiston transport-logistika tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Hujjat avtomobil, temiryo‘l va havo transportida xalqaro yuk tashishning umumiy hajmini (2024-yilda bu ko‘rsatkich 59,6 million tonnani tashkil etgan), transport va logistika xizmatlari eksportini kamida 2 barobar oshirishni nazarda tutadi.

Barcha transport turlari bo‘yicha yillik yuk tranziti hajmini 22 million tonnaga (2024-yilda — 13,9 million tonna), konteyner tashish ulushini kamida 1,5 barobar ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Transport-logistika markazlari tarmog‘ini yaratish va ulardagi yuklarni qayta ishlash quvvatini 3 barobar oshirish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda mamlakatda umumiy quvvati 10,7 million tonna bo‘lgan 16 ta yirik multimodal markaz mavjud.

Bundan tashqari, Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida (LPI) O‘zbekistonning o‘rnini kamida 55-o‘ringa ko‘tarish maqsadi belgilangan. 2023-yilda mamlakat 88-o‘rinni, 2016-yilda 118-o‘rinni egallagan.

Qarorda xalqaro yuk tashishni tashkil etishda transport-ekspeditorlik xizmatlariga QQSning nol stavkasi qo‘llanishi belgilandi. Natijada, mazkur yig‘ilishda ta’kidlanishicha, mahalliy ekspeditorlar ulushini 2025-yildagi 15 foizdan 2026-yilda 45−50 foizga oshirish mumkin bo‘ladi.

Xalqaro avtomobil transporti ittifoqi bilan birgalikda xalqaro avtomobil tashuvlari sohasida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha Mintaqaviy o‘quv markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Trening Yevropa standartlari asosida olib boriladi.

Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylab yo‘l bo‘yida qo‘shimcha xizmat ko‘rsatish obyektlari yaratiladi.