2024-yilda Raqobat qo‘mitasiga elektron tijorat sohasiga oid 1328 ta murojaat kelib tushgan, shulardan 81,9 foizi (1085 ta) ijobiy hal etilgan, deya xabar qildi qo‘mita matbuot ximati.

Shikoyatlarning 14,3 foiz (190 ta) bo‘yicha tushuntirish berilgan, 1,3 foiz (17 ta) vakolatli organlarga yo‘naltirilgan va 33 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zrganishlardan so‘ng 423 iste’molchining huquqlari tiklandi, 88,9 million so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisoblandi, 31,6 million so‘mlik mahsulotlar almashtirilishi ta’minlangan.

Elektron savdo maydonlarida ko‘p muammolar maishiy texnika sotuvidan (77,9 foiz) kelib chiqib, asosan nuqsonli tovarlarga bog‘liq ekani aniqlangan.

Murojaatlar kesimida eng ko‘p muammoli platformalar:

  • Uzum Market — 39,6 foiz;
  • Alif Shop — 9,9 foiz;
  • Uzum Nasiya — 6,5 foiz;
  • ZoodMall — 6,0 foiz;
  • Asaxiy uz — 3,8 foiz;
  • IDEA — 2,5 foiz;
  • Hopshop — 2,1 foiz;
  • 100K uz — 2,1 foiz.

Shuningdek, murojaatlarni hal qilish samaradorligi bo‘yicha turli platformalar faoliyati tahlil qilindi:

  • Openshop uz — 100 foiz;
  • Hopshop — 92,9 foiz;
  • Sello uz — 87,5 foiz;
  • Alijahon uz — 81,5 foiz;
  • ZoodMall — 81,0 foiz;
  • 100K uz — 78,6 foiz;
  • Alif Shop — 67,2 foiz;
  • Uzum Nasiya — 66,3 foiz;
  • Uzum Market — 60,2 foiz.

Shu o‘rinda, quyidagi elektron savdo platformalari yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarnining aksariyati iste’molchilar foydasiga hal qilinmasdan, murojaat qanoatlantirilishi juda past ko‘rsatkichni tashkil etmoqda:

  • Sandiqshop — 21,4 foiz;
  • Booknomy — 28,6 foiz.

“Qo‘mita tomonidan ommaviy ofertalarni qonunchilikka moslashtirish, elektron savdo ishtirokchilarining malakasini oshirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar iste’molchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish va bozor raqobatini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda”, — deyiladi qo‘mita xabarida.