Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 20-yanvardan boshlab Yevropa mamlakatlariga parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirdi — endi samolyotlar Rossiya ustidan o‘tmayapti. Bu haqda kompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, qaror Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligining (EASA) Rossiyaning Yevropa hududi ustidagi parvozlarning xavfsiz emasligi to‘g‘risidagi yaqinda e’lon qilingan hisoboti asosida qabul qilingan. Endi Uzbekistan Airways yo‘nalishlari janubiyroq — Ozarbayjon va Turkiya orqali o‘tmoqda.
Toshkent-Myunxen reysi, 19-yanvar. Uzunligi — 4849 km. Manba: Flightradar24.
Toshkent-Myunxen reysi, 24-yanvar. Uzunligi — 5156 km. Manba: Flightradar24.
“Tabiiyki, bu reysni bir tomonga 30−40 daqiqaga uzaytiradi va kompaniya uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi, — dedi aviatashuvchi rahbari. — Shunga qaramay, biz tariflarni oshirmadik, chunki bu fors-major holati va yo‘lovchi buning uchun javobgar bo‘lmasligi kerak”.
“Har soniyalik tahlil”
Shuhrat Xudoyqulov.
Shuhrat Xudoyqulovning ta’kidlashicha, aviakompaniyaning parvozlarni boshqarish markazi doimiy ravishda havo bo‘shlig‘idagi vaziyatni tahlil qilmoqda.
“Aytish mumkinki, har soniyada tahlil o‘tkazilmoqda. Agar vaziyat xavfli deb baholansa — bizning reyslarimizda o‘rtacha 200 nafar yo‘lovchi bor va biz har biri uchun javobgarmiz — yo‘nalishni o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi, bu haqda dispetcherlar darhol uchuvchilarga ko‘rsatma beradi”, — deb ta’kidladi u.
Kompaniya rahbarining aytishicha, Qozog‘iston hududida Azerbaijan Airlines samolyoti halokatidan so‘ng O‘zbekiston bosh vaziri rahbarligida komissiya tuzilgan va shoshilinch muhokama o‘tkazilgan. Komissiya tarkibiga Mudofaa vazirligi, Transport vazirligi, O‘zaviatsiya, Uzbekistan Airways va boshqa tuzilmalar vakillari kiritilgan bo‘lib, ular vaziyatni sinchkovlik bilan tahlil qilib, aviaqatnovlar xavfsizligini ta’minlashga oid qarorlar qabul qilishgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, yo‘nalishlar ular amalga oshirilishidan ancha oldin ishlab chiqiladi va kelishib olinadi, qarorlarni aviakompaniyaning o‘zi emas, balki mamlakatning aviatsiya ma’murlari qabul qiladi.
“Biz bunga jiddiy e’tibor qaratmoqdamiz. Uzbekistan Airways aviakompaniyasining barcha hududlarga barcha reyslari maksimal xavfsizlikni ta’minlash sharti bilan amalga oshirilmoqda”, — dedi Shuhrat Xudoyqulov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Ukraina hududi va Rossiyaning Yevropa qismi, Osiyo yo‘nalishida esa ayrim tog‘li hududlar, shu jumladan, ob-havo sharoiti tufayli xavfli hududlar hisoblanmoqda.
“Aviakompaniyaning barcha yo‘nalishlarida, barcha tashuvchilardagi kabi, muqobil yoki zaxira yo‘nalishlar mavjud”, — deya qo‘shimcha qildi u.