Uzbekistan Airways 2025-yilda 7 million yo‘lovchi tashishni rejalashtirmoqda, deya ma’lum qildi kompaniya boshqaruv raisi Shuhrat Xudoyqulov seshanba kuni aviatashuvchining 33 yilligiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.
“Oxirgi uch yil ichida kompaniya yo‘lovchi tashish hajmini har yili qariyb 1 mln kishiga oshirmoqda”, — dedi u. Kompaniya 2024-yilni rekord darajadagi 6 007 151 yo‘lovchi (+19 foiz) bilan yakunladi. 2023-yilda 5 mln va 2022-yilda esa 4,2 mln yo‘lovchi tashilgan.
Yil davomida 40 416 ta reys amalga oshirildi, bu 2023-yilga nisbatan 25 foizga ko‘pdir. Yuk tashish hajmi 59 ming 276 tonnani yoki o‘tgan yilga nisbatan 22 foizga ko‘pni tashkil etgan.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, yo‘lovchi o‘rindiqlari bandlik darajasi 83,1 foizni tashkil etgan. 2023-yilda esa bu ko‘rsatkich 81,1 foiz bo‘lgan.
Uzbekistan Airways milliy aviakompaniya samolyot parkini to‘ldirishda davom etdi. Kompaniya beshta samolyot, jumladan, ikkita o‘rta masofaga mo‘ljallangan A320neo, ikkita yaqin masofaga uchuvchi ATR-72 va yengil LET L-410 samolyotini oldi. Bu yilda yana bitta L-410 samolyotining kelishini kutilmoqda va to‘rtta magistral samolyotni xarid qilish masalasi muhokama qilinmoqda.
Hozirda kompaniya xorijga 91 ta yo‘nalish va mamlakat ichida 8 ta yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshirmoqda. O‘tgan yili aviakompaniya parvoz geografiyasini kengaytirib, bir qator yangi yo‘nalishlarni qo‘shdi hamda Rim, Mumbay va Lahorga parvozlarni qayta tikladi. Shuningdek, mavjud mashhur yo‘nalishlarda parvozlar soni oshirildi.
2025-yilda aviakompaniya yangi reyslarni ochishni (masalan, Farg‘onadan Dehliga) va avvalgi reyslarni qayta tiklashni (apreldan Madridga) rejalashtirmoqda. Bahorda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejimning joriy etilishi Toshkentdan Shenchjenga yo‘nalishni ochishi kutilmoqda.
Ushbu qishki mavsumda Uzbekistan Airways talab past bo‘lishiga qaramay, Parij va Tokio yo‘nalishlarida parvozlarni saqlab qoldi. Kompaniya shu orqali ko‘proq yo‘lovchilar ishonchini qozonishga intilayotganini bildirdi.