24-yanvar kuni prezident qarori bilan “Nukus davlat texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-25-son] qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar qildi.
Qarorga ko‘ra, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti huzuridagi Nukus konchilik instituti hamda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti. Nukus filiali negizida Nukus davlat texnika universiteti tashkil etiladi.
Sanoat, texnika-texnologiya, muhandislik sohalari uchun oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish Universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Universitetda Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati tashkil etiladi.
2025/2026 o‘quv yiligacha Universitetda tajriba-ishlab chiqarish (“spin-off”) korxonasi tashkil etiladi.
2025/2026 o‘quv yilidan:
- Universitet talabalarining fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichini va professor-o‘qituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro tajribalar asosida baholash tizimi joriy etiladi;
- Amudaryo muhandislik-texnologiyalar texnikumida muhandislik sohalaridagi kasblar bo‘yicha kasbiy ta’lim dasturlarida to‘liq davlat granti asosida o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Hozirda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini universitetda davom ettiradi va bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi.
Bundan tashqari, shu kuni “Namangan davlat texnika universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-23-son] qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti va Namangan to‘qimachilik sanoati instituti negizida Namangan davlat texnika universiteti tashkil etiladi.
Muhandislik, qurilish, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari va dasturlash, ishlab chiqarish, qayta ishlash hamda xizmat ko‘rsatish sohalari bo‘yicha, shuningdek, hududning yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga muvofiq oliy ma’lumotli mutaxassislar hamda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash Universitetning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
Universitetda yuridik shaxs maqomisiz Ilg‘or muhandislik maktabi faoliyati tashkil etiladi.
2025/2026 o‘quv yilidan ish beruvchi korxona va tashkilotlarning real muammolari asosida bitiruv malakaviy ishlari hamda magistrlik dissertatsiyalari mavzulari bankini shakllantirish va talabalarning bitiruv malakaviy ishi hamda magistrlik dissertatsiya himoyalarini ish beruvchi korxona va tashkilotlarda tashkil etish choralari ko‘riladi.
2026/2027 o‘quv yiligacha Universitetning kamida ikkita bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va uchta magistratura mutaxassisligining xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan o‘tkazilishi ta’minlanadi.
2025-yildan yirik ishlab chiqarish korxonalarini Universitetga sanoat hamkori sifatida biriktiriladi.
Namangan muhandislik-texnologiya instituti, Namangan muhandislik-qurilish instituti hamda Namangan to‘qimachilik sanoati institutida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Universitetda davom ettiradi va 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab bitiruvchilarga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi.