Sherxon Yo‘lliyevich Allamurotov Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani hokimi etib tayinlandi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Xalq deputatlari Qiziriq tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov 2024-yilning aprelidan buyon tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Anvar Oripov o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etilganini bildirdi.

Sherxon Allamurotov 1986-yilda Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 2011-yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan. Podpolkovnik harbiy unvoniga ega.

Faoliyati davomida IIOda turli vazifalarda, xususan, viloyat IIBda bo‘lim boshlig‘i, Jarqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan. Tayinlovga qadar u 2023-yildan buyon Qiziriq tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Viloyat rahbari yangi hokimga tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdi hamda faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi, deyiladi xabarda.