Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturi loyihasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Oxirgi uch yilda joylarda 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushirildi, 35 ta kichik GES qurildi. Sanoatda “yashil energiya” sertifikati tizimi joriy qilindi. Quyosh panellari o‘rnatgan xonadonlar 60 mingdan oshdi. “Yashil makon” dasturi doirasida daraxtlar ekilib, bog‘lar yaratilyapti. Suvdan tejab-tergab foydalanilyapti.

2025-yil “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yili deb e’lon qilindi. Bu borada davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilib, bir oy davomida jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, u bilan 11 mln fuqaro tanishib, 100 dan ziyod takliflar tanlab olingan. BMTning tarmoqlari va boshqa vakolatxonalar hamkorlikka tayyorligini bildirgan.

Davlat dasturidagi eng katta yo‘nalishlardan biri energetikadir, deyiladi xabarda.

So‘nggi yillarda mamlakatning jami quvvatlarida “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetdi. Bu yil uni 26 foizga chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyaci, 160 megavattli 5 ta yirik GES va 1,8 gigavattli energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi.

Davlat rahbari bunga qo‘shimcha yana 1 gigavatt quvvatli loyihalarni shakllantirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Shuningdek, davlat korxonalari, sanoat va xizmat ko‘rsatish majmualari hamda xonadonlarda quyosh panellari o‘rnatishni rag‘batlantirish davom ettiriladi. Bunga 2 trln so‘m kredit ajratiladi.

Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi 19-maktab tajribasi asosida bog‘cha, maktab va shifoxonalarda issiqlik nasosini joriy qilish ommalashtiriladi.

Bu yil kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sish sur’atini saqlab qolib, yalpi ichki mahsulotni 125 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Bunga erishishda omilkorlik va tejamkorlik juda muhim, deyiladi xabarda.

мuқобiл energiya, шавкат мiрзiёев, yashil iqtisodiyot, қайta тiкланuвчi energiya

Shu bois, bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga energiya samaradorligi hisobiga xarajatlarni 15−20 foizgacha qisqartirish va qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Davlat rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi.

Misol uchun, elektrotexnika, avtomobilsozlik, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatida 1 tonna energiya sarfiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat kimyo, qurilish materiallari, to‘qimachilik tarmog‘idagidan 15−20 barobar yuqori.

Yuqoridagi sohalarda ham resurslarni tejash, kam energiya sarflab, ko‘p qo‘shilgan qiymat olayotgan tarmoqlarni rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Energiya iste’moli yuqori bo‘lgan 400 ta yirik sanoat korxonasi energiya auditdan o‘tkazilib, tejamkor texnologiyalar joriy qilinishi belgilandi.

Yaqin kelajakda rivojlangan davlatlar faqat “yashil texnologiya” asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni oladi. Shu bois, hozirdan bunga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yil ishlab chiqarish va infratuzilma loyihalarining 15 foizi, 2027-yildan 30 foizi, 2030-yildan 55 foizi “yashil” bo‘ladi.

Kam uglerodli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon banki va boshqa tashkilotlardan 300 mln dollar resurs jalb qilinadi.

Energetika majmualarini barpo etishda 4 mlrd dollarlik uskuna va butlovchi qismlar mahalliy korxonalarda ishlab chiqariladi. Bu orqali yirik loyihalarda “yashil komponent” ulushi 25 foizdan 31 foizga yetishi kutilmoqda.