O‘zbekistonda Binance kriptobirjasi rasman ish boshladi. Bu haqda Coinpay matbuot xizmati xabar qildi.
Ushbu xizmatning ishga tushirilishi O‘zbekiston Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ko‘magida va Coinpay hamda Binance o‘rtasidagi hamkorlik natijasida, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilgan.
Endi foydalanuvchilar kripto-aktivlar bilan xavfsiz va qulay operatsiyalarni amalga oshirishlari, milliy valyutada bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali mablag‘ kiritish va yechib olish imkoniyatiga ega.
Kriptobirja O‘zbekistonda ishlash uchun 15-yanvar kuni ruxsat olgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yilning yanvar oyida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Binance kriptobirjasiga nisbatan O‘zbekiston qonunchiligi, xususan, kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik talablarini buzganligi uchun jarima qo‘llash haqidagi qaror qabul qilingan edi. Shundan so‘ng, tegishli da’vo arizasi Toshkent shahar iqtisodiyot sudiga yuborilgan.
2024-yilning 26-martidan 7-iyuniga qadar javobgar (Binance kriptobirjasi) vakili ishtirokida davom etgan sud jarayonlari yakuniga ko‘ra, sud agentlikning arizasini to‘liq qondirish hamda kriptobirjadan 300 bazaviy hisoblash miqdoriga teng bo‘lgan jarimani O‘zbekiston budjetiga belgilangan tartibda undirish haqida qaror qabul qilgan.
Binance kriptobirjasi sudning barcha talablarini bajarganligini hamda jarimani qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat budjetiga to‘liq to‘lagan.