27 yavnardan boshlab Toshkent viloyati Toshkent tumanida joylashgan “Navoiy” chegara bojxona posti (“Zangiota” chegara o‘tkazish punkti) sinov rejimida ish boshladi, deya xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Yangidan qurilgan bojxona postida fuqarolar uchun zarur shart-sharoitlarga ega zallar, avtobus va yengil avtotransport vositalari hamda ularda harakatlanayotgan yo‘lovchilar uchun alohida yo‘laklar tashkil etilgan.

Bojxona postiga tutash hududda bir vaqtda 500 dan ortiq yengil avtotransport vositasi, 100 dan ortiq avtobusni qabul qilish imkoniyatiga ega avtoturargoh qurilgan. Unda xalqaro yo‘nalishda harakatlanayotgan avtobus va yengil avtotransport vositalari, shuningdek, mahalliy yo‘nalishdagi yo‘nalishli jamoat transportlari hamda taksi xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

“Avtoturargohda transport vositalari uchun kutish joylari, fuqarolar uchun tez tayyor bo‘luvchi tamaddixonalar, kafe va boshqa maishiy va ijtimoiy xizmatlar, bundan tashqari, xalqaro yo‘nalishdagi avtotransport vositalari uchun elektron navbat tizimi yo‘lga qo‘yiladi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, o‘zbek-qozoq chegarasidagi “Navoiy” — “Qoplonbek” avtoyo‘l o‘tkazish punkti 2022-yilning noyabrida yopilgandi.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston va Qozog‘iston o‘rtasidagi “Tajen” — “Dovut ota” chegara o‘tkazish punktlarida harakatlanish 1-fevraldan 3 oyga to‘xtatilishi xabar qilingandi. Yo‘lovchilarga “Yallama”, “Oq oltin”, “Malik” o‘tkazish punktlari qatori “Zangiota” orqali harakatlanish ham tavsiya qilingan.