Kolumbiya AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatga qarshi sanksiyalar va savdo tariflari joriy etish bilan tahdid qilganidan so‘ng, AQShdan deportatsiya qilingan noqonuniy muhojirlarni qabul qilishga rozi bo‘ldi, deb xabar bermoqda CNN.

“Kolumbiya hukumati prezident Trampning barcha shartlariga, shu jumladan, Kolumbiyadan AQShga qaytgan barcha noqonuniy migrantlarni, xususan, AQSh harbiy samolyotlarida cheklovlarsiz yoki kechikishlarsiz qabul qilishiga rozi bo‘ldi”, — ma’lum qildi Tramp ma’muriyati.

Yakshanba kuni ertalab Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro deportatsiya qilingan Kolumbiya fuqarolarini olib ketayotgan AQShning ikkita harbiy samolyotini qabul qilishdan bosh tortganidan so‘ng, ikki davlat o‘rtasida savdo urushi boshlanishiga sal qoldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh kolumbiyalik muhojirlarga “qadr-qimmat va hurmat” bilan munosabatda bo‘lishi kerak.

“Migrant jinoyatchi emas va insonga munosib munosabatda bo‘lishi kerak. Shuning uchun men Amerika harbiy samolyotlarini joylashtirdim… Men muhojirlarni ular istamagan davlatda qolishga majbur qila olmayman; lekin agar bu davlat ularni qaytarib yuboradigan bo‘lsa, buni ularga va mamlakatimizga qadr-qimmat va hurmat bilan qilish kerak. Biz vatandoshlarimizni fuqarolik samolyotlarida qabul qilamiz”, — deb yozdi Petro X’da.

Bunga javoban Tramp AQSh zudlik bilan Kolumbiyadan import qilinadigan barcha mahsulotlarga 25 foizlik bojlar joriy etishini va bir hafta ichida ularni 50 foizga oshirishini aytdi. Shuningdek, u mamlakatga qarshi moliyaviy sanksiyalar qo‘llash va Kolumbiya rahbariyatiga vizalar berishni taqiqlash bilan tahdid qilgan.

Petro bu tahdidlarga ijtimoiy tarmoqlardagi uzun posti bilan javob berdi, unda Trampni kolumbiyaliklarga past irq sifatida qaraganlikda va ochko‘zlik tufayli butun insoniyatni yo‘q qilishga tayyorlikda aybladi. Shuningdek, u AQSh blokadasidan qo‘rqmasligini ta’kidladi va Amerika importiga ham xuddi shunday bojlar joriy etishga va’da berdi.

Biroq yakshanba kuni kechqurun Oq uy ikki davlat kelishuvga erishganini e’lon qildi. Tramp ma’muriyati bojlar va sanksiyalar to‘g‘risidagi farmonlar tayyor ekanini va agar Kolumbiya kelishuvga rioya qilishdan bosh tortsa, imzolanishini aytdi. Kolumbiya fuqarolari va yuk kemalariga nisbatan viza sanksiyalari va bojxona tekshiruvlari deportatsiya qilingan kolumbiyaliklarning birinchi samolyoti qo‘ngunga qadar o‘z kuchida qoladi.

“Bugungi voqealar yaqqol ko‘rsatib turibdiki, Amerika yana hurmatga sazovor. Prezident Tramp dunyodagi boshqa barcha davlatlardan AQShda noqonuniy bo‘lib turgan fuqarolarini deportatsiya qilishda to‘liq hamkorlikni kutmoqda”, — deyiladi Oq uy bayonotida.

Kolumbiya tashqi ishlar vaziri Luis Xilberto Murilo AQShdan deportatsiya parvozlari qayta boshlanganini tasdiqladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, muhojirlarni olib ketish uchun prezident samolyoti ham jo‘natiladi.

  • AQSh Kolumbiyaning eng yirik savdo sherigi hisoblanadi. Mamlakat Amerika bozoriga xom neft, qahva va uzilgan gullarni eksport qiladi. 2022-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 53,5 milliard dollarni tashkil etgan.
  • Kolumbiya AQShdagi eng ko‘p noqonuniy migrantlarga ega davlatlar qatoriga kirmaydi, u Meksika, Salvador, Hindiston, Gvatemala va Gondurasdan sezilarli darajada ortda, deya aniqlik kiritadi New York Times.
  • Tramp ma’muriyati Petro “fuqarolik” deb atagan samolyotlarning muntazam parvozlariga qo‘shimcha ravishda harbiy samolyotlarni ham jo‘natmoqda. Harbiy parvozlar AQShdan faqat mezbon davlat ruxsat bergan taqdirdagina uchishi mumkin.