Qo‘qon shahrida fuqaroni katta summa evaziga Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, departament bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro U.A. fuqaro A.G‘.ning ishonchiga kirib, o‘zi va uning turmush o‘rtog‘ini tanishlari yordamida Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, evaziga 12 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi departamentning Oltinko‘l tumani bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.O. fuqaro G. I.ning ishonchiga kirib, uni 15,5 ming dollar evaziga Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 4000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Izboskan tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.A. fuqaro N.X.ning ishonchiga kirib, o‘zi va uning turmush o‘rtog‘ini Latviya davlatiga ishga yuborishini aytib, evaziga 4000 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov haraktlari o‘tkazilmoqda.