O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqotda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoni 26-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovidagi g‘alabasi bilan qutladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.
Mirziyoyev saylovchilarning faol ishtiroki va ovoz berish natijalari Belarus xalqi amaldagi prezidentga yuksak ishonch bildirayotgani, amalga oshirilayotgan siyosat va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni keng qo‘llab-quvvatlayotganini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidladi.
Suhbat chog‘ida o‘tgan yil 7−9-fevral kunlari Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-Belarus ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
2024-yilda tovar ayirboshlash hajmi 700 million dollardan oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi loyihalarini jadallashtirish, yaqin ishbilarmonlik va hududlararo aloqalarni, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Belarus yetakchilari bo‘lajak tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdilar.