29−31-yanvarda sovuq havo massalari O‘zbekistonning shimoliy hududlaridan butun respublika hududiga tarqala boshlaydi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

Dushanba kuni O‘zbekistonda quruq va nisbatan iliq ob-havo kutilmoqda, havo harorati +7…+12 daraja bo‘ladi. Faqatgina respublikaning shimoliy hududlari sovuq antitsiklon ta’sirida bo‘lib, harorat kunduzi 0…+5 darajadan oshmaydi.

28-yanvarda Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatining ayrim hududlarida biroz qor yog‘adi. Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida kechasi biroz yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi mumkin. Respublikaning qolgan hududlarida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Havo harorati kunduzi +5…+10, respublikaning shimoliy hududlarida −2…+3 daraja bo‘ladi.

Chorshanba-juma kunlari havo harorati kechasi 0…-5 darajagacha, shimoliy hududlar ba’zi joylarida -8 darajagacha, kunduzi 0…+5 darajagacha pasayadi. Respublikaning markaziy va janubi-sharqiy viloyatlarida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik bo‘lib, asosan qor shaklida yog‘adi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi.

Respublikaning ayrim joylarida tuman tushishi mumkin. Shamol sharqdan yo‘nalishini g‘arbiyga o‘zgartirib 7−12 m/s tezlikda esadi. Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi mavjud.

Toshkent shahrida dushanba va seshanba kunlari yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Havo harorat bugun +9…+11, ertaga kechasi 0…+2, kunduzi +6…+8 daraja bo‘ladi.

29−31-yanvarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Havo harorat kechasi 0…-2, kunduzi 0…+2 daraja bo‘ladi. Sharqiy shamol yo‘nalishini g‘arbiyga o‘zgartirish bilan 5−10 m/s tezlikda esadi.