O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Yoqubboyevning Tata Steel Chess turnirida hindistonlik ayol grossmeyster Rameshbabu Vayshali bilan qo‘l berib ko‘rishmaslik qarori bahslarga sabab bo‘ldi.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoda Vaishali to‘rtinchi raunddagi o‘yin oldidan qo‘lini cho‘zganini ko‘rish mumkin, biroq Yoqubboyev bunga javob qaytarmay, stulga o‘tirdi, bu esa hindistonlik shaxmatchini taajjubga soldi.

Keyinroq o‘zbekistonlik grossmeyster uzr so‘rab, uning xatti-harakati “diniy sabablar” bilan bog‘liqligini va hurmatsizlik ko‘rsatish maqsadi bo‘lmaganini tushuntirdi.

2019-yilda grossmeyster unvonini qo‘lga kiritgan 23 yoshli Yoqubboyev bahsda mag‘lub bo‘ldi. O‘yindan so‘ng u o‘zining X sahifasida tushuntirish e’lon qildi.

“Men Vaishali bilan o‘yinda sodir bo‘lgan vaziyatni tushuntirmoqchiman. Ayollar va hind shaxmatchilariga chuqur hurmat bilan shuni ma’lum qilmoqchimanki, men diniy sabablarga ko‘ra boshqa ayollarga teginmayman. Men Vaishali va uning ukasini Hindistonning eng kuchli shaxmatchilari sifatida hurmat qilaman. Agar mening xatti-harakatim uni xafa qilgan bo‘lsa, kechirim so‘rayman”, — deb yozdi u.

нодирбек абдuсатторов, shaxmat, нодирбек ёқuббоев, tata steel chess tournament, tata steel chess 20245

U shaxmat harom sanalmasligini ham aytdi.

Izohlarda foydalanuvchilar Yoqubboyev 2023-yilda Abu Dabidagi turnirda boshqa bir hindistonlik shaxmatchi Divya Deshmux bilan qo‘l berib ko‘rishgani suratlarini joylashtirildi.

“Avval qilgan ishlarimni (2023-yilda Divya bilan o‘yin va shunga o‘xshash vaziyatlarni nazarda tutyapman) o‘zim uchun noto‘g‘ri deb hisoblayman. Men qilishim zarur bo‘lgan narsani qilyapman. Men boshqalardan qarama-qarshi jins vakillari bilan qo‘l berib ko‘rishmaslikni yoki ayollardan hijob yoki burqa kiyishni talab qilmayapman. Nima qilish ularning shaxsiy ishi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 8-raund oldidan u raqibi Irina Bulmagaga vaziyatni tushuntirib bergan va u “bunga rozi bo‘lgan”.

“Ammo o‘yin zaliga kelganimda hakamlar hech bo‘lmaganda „namaste“ ishorasini qilishim kerakligini aytdi. Divya va Vaishali bilan o‘yinlarda ularga buni oldindan tushuntirib bera olmadim, shu sabab noqulay vaziyat yuzaga keldi”, — deya izohladi o‘zbekistonlik sportchi.

нодирбек абдuсатторов, shaxmat, нодирбек ёқuббоев, tata steel chess tournament, tata steel chess 20245

Turnir haqida

Veyk-an-Zeye-2025 yoki Tata Steel Chess Tournament — 1937-yildan beri har yili o‘tkazib kelinadigan dunyodagi eng qadimgi va eng kuchli shaxmat turnirlaridan biri, bu yil hisob bo‘yicha 87-si.

Turnir davra bo‘yicha o‘tkaziladi va 13 turdan iborat. Vaqt nazorati: 40 ta yurish uchun 100 daqiqa, keyin o‘yin oxirigacha 50 daqiqa + birinchisidan boshlab har bir yurish uchun 30 soniya. O‘yinlar 18-yanvardan 2-fevralga qadar bo‘lib o‘tmoqda.

Turnir shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju uchun ilk klassik turnir bo‘ladi. U o‘zbek Nodirbek Abdusattorov ham o‘ynaydigan Masters bo‘limida ishtirok etadi.

Challengers bo‘limida Nodirbek Yoqubboyev (FIDE jahon reytingida 67-o‘rin, 2659) va boshqa shaxmatchilar ishtirok etmoqda. Yoqubboyev 4 ochko jamg‘ardi va uchta g‘alaba, ikkita durang va uchta mag‘lubiyat qayd etgan holda 14 talik ichida 10-o‘rinda bormoqda.

Nodirbek Abdusattorov 5,5 ochko bilan hindistonlik Gukesh va Rameshbabu Pragnanandhalar bilan birinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. Uning hisobida uchta g‘alaba va beshta durang bor.