Belarus Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, prezident saylovida Belarusning amaldagi rahbari Aleksandr Lukashenko 86,82 foiz ovoz to‘pladi.
Saylovda yana to‘rtta nomzod ham ishtirok etdi:
- liberal-demokratik partiya yetakchisi Oleg Gaydukevich — 2,02 foiz ovoz oldi;
- tadbirkor Anna Kanopatskaya — 1,86 foiz;
- Kommunistik partiya Markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi Sergey Sirankov — 3,21 foiz;
- respublika Mehnat va adolat partiyasi raisi Aleksandr Xijnyak — 1,74 foiz.
Saylovchilarning 3,6 foizi barchaga qarshi ovoz berdi.
26-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan saylovda ishtirok etganlar 85,7 foizni tashkil etdi, deya xabar berdi MSK.
Xorijdagi Belarus muxolifati rahbari Svetlana Tixanovskaya o‘tgan saylovlarni navbatdagi “rejimning spektakl-fars-taqlid”i deb atadi. “Targ‘ibot saylov uchastkalarida ideal manzarani sinchkovlik bilan ko‘rsatayotgan bir paytda, butun dunyodagi beloruslar 2025-yildagi soxtalashtirishga qarshi norozilik bildiradilar,” — deb yozdi Tixanovskaya o‘zining Telegram kanalida.
Yevropa Ittifoqi rasmiy shaxslari ham Belarusdagi saylovlarni soxta deb atashdi va ularning “erkin va adolatli” bo‘lmaganini ta’kidlashdi. “Belarusda inson huquqlariga nisbatan misli ko‘rilmagan qatag‘onlar, siyosiy ishtirok va mustaqil ommaviy axborot vositalaridan foydalanish imkoniyatlarining cheklanishi saylov jarayonini har qanday qonuniylikdan mahrum etdi”, — deyiladi Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar rahbari va kengaytirish masalalari bo‘yicha komissar Marta Kosning bayonotida.
- Aleksandr Lukashenko Belarus prezidenti lavozimiga yettinchi marta qayta saylandi — u 1994-yildan beri mamlakatni boshqaradi. Belarus Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident besh yil muddatga saylanadi.
- 2020-yilda Belarusda bo‘lib o‘tgan avvalgi prezidentlik saylovlari hukumat tomonidan shafqatsizlarcha bostirilgan ommaviy noroziliklarga olib keldi. Bir qator taniqli belorus muxoliflari, jumladan, Mariya Kolesnikova uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi.