Toshkent shahri Sergeli tumanidagi “Solnыshko” xususiy bog‘chasida xodim 2 yoshli bolani kaltakladi, deya xabar bermoqda bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, 22-yanvar kuni Toshkent shahar Sergeli tumanida joylashgan bog‘chada 27 yoshli tarbiyachi yordamchisi Y.M. go‘yoki xarxasha qilayotgan bolani tinchlantirish maqsadida 2023-yilda tug‘ilgan S.A.ning boshiga urgan.
So‘ng qo‘pol harakatda uni ko‘tarib boshqa xonaga olib chiqayotganda qoqilib yiqilgan, oqibatda bolaning chap oyog‘i singan.
Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Unda xodim bolaning bir qo‘lidan ushlab sudragani, so‘ngra ikki yuzidan chimchilab, tarsaki tushirgani va uni boshqa xonaga olib chiqqanini ko‘rish mumkin.
Bolaning ota-onasiga bog‘cha ma’muriyati tomonidan o‘g‘li o‘zi yiqilib oyog‘i singani va Sergeli tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingani to‘g‘risida xabar berilgan. Bolaga “chap oyoq son suyugi singani” tashxisi qo‘yilgan. Shundan so‘ng ota-ona bog‘cha ma’muriyatidan kuzatuv kameralar yozuvlarini ko‘rsatishni talab qilgan.
Hozirda Sergeli tumani IIB FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.