Bo‘stonliq tuman kengashining sobiq deputati, bloger Qobul Dusov ozodlikni cheklash shartlarini buzgani uchun koloniyaga jo‘natildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

O‘tgan yilning noyabr oyida 40 yoshli Dusov maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyevni haqorat qilgani uchun uning ozodligi 1 yilga cheklangan edi. Sutkaning muayyan vaqti, ya’ni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqishi, internetdan foydalanishi, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etishi taqiqlangan. Shuningdek, har oyda bir marotaba yashash joyi bo‘yicha IIO FMB probatsiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turishi shart edi.

24-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudi tuman ichki ishlar bo‘limi probatsiya bo‘limining ozodlikni cheklash jazosini ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirish haqidagi taqdimnomasini ko‘rib chiqdi. Hujjatda aytilishicha, Dusov ahloqan tuzalish yo‘liga o‘tmagan, cheklov va taqiqlarga rioya etmasdan jazo o‘tashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan, bir necha marotaba u bilan olib borilgan profilaktik suhbatlardan o‘ziga ijobiy xulosa chiqarmgan, uni jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash imkoniyati yo‘q hamda sud hukmi ijrosiz qolmoqda.

Ish materiallarida aytilishicha, 4-yanvardan 11-yanvargacha bloger o‘zining Kobul Dusov/RASMIY KANAL Telegram kanalida har xil mazmundagi materiallarni joylashtirgan. 11-yanvar kuni u probatsiya bo‘limiga chaqirilib, ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazosi qo‘llangan.

24-yanvar kuni IIV Tezkor qidiruv departamentining Kiberxavfsizlik markazi Dusovga ogohlantirish intizomiy jazosi e’lon qilingan vaqtida xam, undan keyingi kunlarda ham internetdan faol foydalanib kelganini aniqlagan.

Sud taqdimnomani muhokama qilib hamda ish hujjatlarini tekshirib, taqdimnomani qanoatlantirishni lozim topdi.

Shu tariqa jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 24-yanvardagi ajrimiga muvofiq, mahkum Qobil Dusovga nisbatan tayinlangan va o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi. Jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.