Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan viloyat hokimi o‘rinbosarlari hamda shahar va tuman hokimlarini mukofotlash uchun 661 million so‘m ajratdi. Bu bo‘yicha 20-yanvar kuni viloyat hokimining farmoyishi qabul qilingan, deya xabar qildi Daryo.

Farmoyishda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosarining 2025-yil 14-yanvardagi bildirishnomasi hamda viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasining 2025-yil 14-yanvardagi xati inobatga olinib, viloyat budjetining 2025-yil boshida shakllangan erkin qoldiq mablag‘lari hisobidan 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘z faoliyatlarida erishayotgan muvaffaqiyatlari, o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni vijdonan, sifatli va o‘z vaqtida bajarayotganliklari uchun mukofotlash belgilangan. Buning uchun jami 661 million 250 ming so‘m ajratilgan.

Jumladan, viloyat hokimining 7 nafar o‘rinbosarlarini rag‘batlantirish uchun 201 million 250 ming, viloyat hokimining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘ini rag‘batlantirish uchun 28 million 750 ming ming, shuningdek, Termiz shahar va tumanlar hokimlarini rag‘batlantirish uchun esa 431 million 250 ming so‘m ajratilgan.

Viloyat hokimligi farmoyishiga XDFU (xizmat doirasida foydalanish uchun) belgisini qo‘ygan. Shuningdek, “shaxsga oid” degan vaj bilan berkitib qo‘yilgan.

25-yanvar kuni Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgan ushbu farmoyish bekor qilinganini ma’lum qildi.

“Ijtimoiy tarmoqlar orqali Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosarlari hamda shahar va tumanlar hokimlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida qabul qilingan 2025-yil 20-yanvardagi 12−8−0-F/25-sonli farmoyishi yuzasidan turli postlar e’lon qilindi”, — deyiladi xabarda.

Mablag‘lar “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturiga yo‘naltirilishi belgilanmoqda.