O‘zbekiston Senati 25-yanvardagi uchinchi yalpi majlisida “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi
tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi O‘zbekiston qonuni muhokama qilindi.

Qonun bilan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 248 va 248−1-moddalariga Milliy gvardiya organlariga, shu jumladan, Milliy gvardiyaning voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari va katta inspektor-psixologlariga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining ayrim moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga doir vakolatlar berilmoqda hamda mazkur vakolatlarni ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlaridan chiqarib tashlash nazarda tutilmoqda.

Ular quyidagi moddalar:

  • 47-moddasi birinchi qismida (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik);
  • 56−1-moddasida (Jamoat joylarida tamaki mahsulotini iste’mol qilish);
  • 187-moddasining birinchi qismida (Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish);
  • 188-moddasida (Voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish).

Milliy gvardiya tashkiliy tuzilmasida Bolalar bilan ishlash boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari, shu jumladan bolalar bilan ishlash bo‘yicha katta inspektor-psixologlar va inspektor-psixologlar lavozimlari tashkil etildi.

Majlisda qayd etilishicha, Milliy gvardiyaning inspektor-psixologlari fevral oyidan hozirgi kunga qadar 44 450 ta Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasi birinchi qismida (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni aniqlab, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari orqali ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishini ta’minlagan hamda ota-onalar tomonidan farzandlarini maktabga yubormaslik holatlari bo‘yicha 175 mingga yaqin ogohlantirish xatlari yozilgan.

Bugungi kunda 1 nafar inspektor-psixologga maktablardagi bola sonidan kelib chiqib 3 tadan 10 tagacha maktab to‘g‘ri kelmoqda. 2025-yil boshida maktablardagi o‘quvchilarning darslarda ishtirok etish davomatlari 50 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 95 — 99 foizni tashkil etmoqda.

Biroq, inspektor-psixologlar tomonidan voyaga yetmagan huquqbuzarning ota-onalariga nisbatan ma’muriy jazo choralarini qo‘llash uchun tayanch punkti profilaktika inspektorining oldiga olib borib, ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi — inspektor-psixologlarning ish samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ortiqcha vaqt sarflashiga ham sabab bo‘lmoqda. Ana shu maqsadida ushbu qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullanib, prezidentga imzolash uchun yuborildi.

Milliy gvardiya maktabga qanday kelib qoldi?

Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 2023-yili voyaga yetmaganlar 3,5 ming jinoyat sodir etgani, 50 ming nafar bola muntazam ravishda maktabga bormayotganini aytgandi.

“Nima uchun hokimlar har haftada bitta maktabga borib, o‘quvchilarning sharoiti va tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydi? Axir Bolalar masalasi bo‘yicha milliy komissiyaga hokimlar mas’ul emasmi? Maktablardagi 2000 ta inspektor-psixolog shtati Ichki ishlar [vazirligi]dan Milliy gvardiya o‘tkaziladi. Jo‘rayev (Milliy gvardiya qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev — tahr.) ikki oy muddatda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarliklarga qarshi immunitet”ni yaratish bo‘yicha tizim qiladi”, — degandi davlat rahbari.

Prezident Rustam Jo‘rayevga maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bilan birgalikda “eng og‘ir 1000 ta maktablarda davomatni yaxshilash tajribasini joriy etish” bo‘yicha topshiriq berdi. Shuningdek, Milliy gvardiya boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kasbga yo‘naltirish, tarbiyalash bo‘yicha ota-onalar, mahalla faollari bilan hamkorlikda ish olib borish tizimini yaratish ustida ishlaydi.

“Tarbiyasi va o‘qishida muammo bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalari va mahalla faollari bilan shug‘ullanib, muammolarni yechishga qaratilgan aniq choralar ko‘radi. Agar maktabning ichiga butun xalq, butun jamoat bilan kirmasak, natija bo‘lmaydi”, — degandi Shavkat Mirziyoyev.

“Gazeta.uz” avvalroq, inspektor-psixolog o‘zi kimligi, uning vazifalari nimalardan iborat ekani haqida Milliy gvardiya markaziy devoni boshqarma boshlig‘i Zafar Alimov bilan xodimlarning mavjud vakolatlari haqida suhbatlashgandi.